Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQShlik jurnalist Viktor Gotevbega «Oltin qalam» milliy mukofoti topshirildi

AQShlik jurnalist Viktor Gotevbega «Oltin qalam» milliy mukofoti topshirildi

AQShdagi «Diplomatic Watch» jurnali bosh muharriri Viktor Gotevbega «Oltin qalam» milliy mukofoti topshirildi. U joriy yilda mazkur nufuzli tanlovning «Xorijlik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali» nominatsiyasi g‘oliblaridan biri deb topilgan edi.

Viktor Gotevbe O‘zbekiston haqida qator tahliliy maqolalar muallifi hisoblanadi. U o‘z materiallarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlar, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni, global jarayonlardagi ishtiroki va ilgari surayotgan tashabbuslarini yoritib keladi.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi delegatsiyasining AQShga safari doirasida Vashington shahridagi O‘zbekiston elchixonasida mukofotni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekistonning AQShdagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Sidiqov, xorijiy davlatlar diplomatik korpusi vakillari, jamoatchilik va ekspertlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Marosimda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov «Oltin qalam» milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov doirasida 2021-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan «Xorijlik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali» nominatsiyasi ta’sis etilganini alohida ta’kidladi.

Qayd etilganidek, ushbu nominatsiya xorijiy jurnalistlarning mamlakatimiz hayoti, islohotlari va xalqaro tashabbuslariga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirish, shuningdek, O‘zbekiston haqidagi xolis va tahliliy axborotlar qamrovini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Viktor Gotevbe o‘z navbatida O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan yuksak e’tibor va e’tirofdan mamnunligini bildirdi.

«Ochig‘ini aytsam, men juda hayratda qoldim. Bunday bo‘lishini umuman kutmagandim. Bu men uchun kuchli ilhom, rag‘bat va alohida faxr», — dedi u.

Tantanali marosimda Viktor Gotevbe hamda «The Hill» gazetasining jamoatchi muxbiri Jeyms Dursoga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining faxriy a’zolik guvohnomalari ham topshirildi.

Jeyms Durso AQSh siyosati, xususan, Vashingtonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlari, Afg‘onistondagi vaziyat va mintaqaviy jarayonlarga bag‘ishlangan tahliliy maqolalari bilan tanilgan. Uning O‘zbekistonga oid materiallari ham xalqaro axborot maydonida mamlakatimiz haqidagi tahliliy kontentni boyitishga xizmat qilmoqda. Jurnalist 2024-yilda «Oltin qalam» milliy mukofoti sohibi bo‘lgan.

Shuningdek, tadbir doirasida ayni paytda AQShda faoliyat yuritayotgan jurnalist Otabek Eshmamatov hamda «Kun.uz» veb-saytining AQShdagi maxsus muxbiri Shohrux Majidovga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga a’zolik guvohnomalari topshirildi.

Mazkur marosim O‘zbekiston haqidagi axborot va tahliliy materiallarni xalqaro auditoriyaga yetkazishda xorijiy jurnalistlar bilan hamkorlikni mustahkamlash, mamlakatimizning xalqaro media makonidagi o‘rni va nufuzini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring