Britaniya Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasida ishtirok etmaydi — Starmer
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer mamlakat Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilish tashabbusida ishtirok etmasligini tasdiqladi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Uning ta’kidlashicha, hukumat pozitsiyasi aniq – London mazkur harbiy yoki cheklovchi harakatlarga qo‘shilmaydi.
Starmerning so‘zlariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi har qanday cheklovlar jahon energetika bozoriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
«Har safar bo‘g‘oz yopilsa yoki navigatsiya uchun cheklansa, neft va gaz bozorga chiqmaydi va narxlar oshadi. Men buni istamayman. Energiya narxlari barqaror bo‘lishi va pasayishi kerak», – dedi u.
Bosh vazir shuningdek, Britaniya mintaqada minasizlantirish imkoniyatlariga ega ekanini ta’kidlar ekan, barcha harakatlar diplomatik va siyosiy yo‘llar orqali bo‘g‘ozni to‘liq ochishga qaratilgan bo‘lishi lozimligini aytdi.
Avvalroq AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Ho‘rmuz bo‘g‘ozida blokada joriy etilishini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, AQSh kuchlari Eron portlariga kirib-chiqayotgan kemalarni cheklaydi, ammo boshqa davlatlar kemalari uchun tranzitga to‘sqinlik qilinmaydi.
Mutaxassislar fikricha, Britaniyaning bu qarorini energetika bozorida barqarorlikni saqlashga qaratilgan qadam sifatida baholash mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter