Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokada sabab muzokaralarni rad qilmoqda

Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi blokada sabab muzokaralarni rad qilmoqda

Eron hukumati Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi portlar blokadasi davom etayotgan bir sharoitda AQSh bilan Pokistonda o‘tadigan muzokaralarda ishtirok etishni rejalashtirmayapti. Bu haqda 19-aprel kuni Eronning Tasnim davlat axborot agentligi xabar qildi.

Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi bosqichi 11–12 aprel kunlari Islomobodda bo‘lib o‘tgan va natijasiz yakunlangan.

Tasnim ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvdan keyin tomonlar vositachilar orqali muloqotni davom ettirgan. Biroq Eron delegatsiyasi fikricha, AQShning «haddan tashqari talab va da’volari» tufayli muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Truth Social tarmog‘ida Amerika delegatsiyasi 20 aprel kuni muzokaralarning yangi bosqichi uchun Islomobodga borishini ma’lum qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Tehronga «adolatli va maqbul kelishuv» taklif qilmoqda.

«Ular buni qabul qiladi, deb umid qilaman. Aks holda, AQSh Erondagi barcha elektr stansiyalari va ko‘priklarni ishdan chiqaradi», – degan Tramp.

Shuningdek, u yakshanba kuni AQSh harbiy-dengiz kuchlari Omon dengizida blokadani aylanib o‘tishga uringan eron yuk kemasini o‘qqa tutib, qo‘lga olganini aytgan.

Keyinchalik AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) bu ma’lumotni tasdiqladi. Unga ko‘ra, USS Spruance harbiy kemasi Bandar-Abbos portiga yo‘l olgan M/V Touska kemasini bir necha bor ogohlantirganidan so‘ng Arab dengizining shimoliy qismida to‘xtatib, qo‘lga olgan.

Bu voqeaga javoban, Eron birlashgan harbiy qo‘mondonligi AQShni sulh kelishuvini buzishda ayblab, buni «dengiz qaroqchiligi»da aybladi va javob choralari ko‘rilishini bildirdi.

Trampning muzokaralar davom etishi haqidagi bayonotlariga Tehron rasman izoh bergani yo‘q. Shu bilan birga, IRNA davlat agentligi Pokistonda yangi muzokaralar o‘tkazilishi haqidagi xabarlarni rad etdi.

Axios nashri ma’lumotiga ko‘ra, Eron tomoni bu muzokaralar AQSh tomonidan ehtimoliy to‘satdan hujumni yashirish uchun hiyla bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring