Ho‘rmuz uchun kurash: AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar taqdiri nimaga bog‘liq?
Yaqin Sharqdagi vaziyat yanada murakkab bosqichga kirdi. Eron rasmiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi mamlakat qurolli kuchlari tomonidan qat’iy nazoratga olinganini e’lon qildi va bu holat AQSh Eron portlariga nisbatan joriy etgan blokada saqlanar ekan, davom etishini bildirdi.
Bu bayonot AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar arafasida aytilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bugungi qarama-qarshilikning asosiy nuqtasiga aylangan.
So‘nggi harbiy harakatlarga qaramay, AQSh o‘zining asosiy strategik maqsadlariga — Eronning yadroviy va raketa dasturlarini to‘liq cheklashga erisha olmadi. Shu sharoitda Vashington yangi yondashuvga o‘tdi: urushni cho‘zmasdan, Eronni zaiflashtirilgan holda qoldirish va uning global neft bozoriga ta’sirini cheklash. Bunday ssenariyda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat hal qiluvchi omilga aylanadi.
Aynan shu sababli AQSh Eron portlariga nisbatan blokada joriy qildi. Rasman bu harakat xavfsizlik va bosim o‘tkazish chorasi sifatida izohlanmoqda. Amalda esa bu Eronni iqtisodiy va strategik jihatdan cheklashga qaratilgan. Biroq to‘rt kunlik kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, blokada to‘liq ishlamayapti: ayrim kemalar hali ham harakatlanmoqda, neft tashuvi qisqargan bo‘lsa-da, butunlay to‘xtab qolmagan.
Bu holat AQSh uchun ham, jahon iqtisodiyoti uchun ham murakkab vaziyatni yuzaga keltirmoqda. Chunki Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali dunyo neftining taxminan beshdan bir qismi o‘tadi. Uning yopilishi nafaqat mintaqaviy, balki global iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Neft tanqisligi inflyasiyani oshiradi, bozorlarda beqarorlikni kuchaytiradi va siyosiy bosimni oshiradi.
Shu bilan birga, blokadaning huquqiy maqomi ham bahsli. Xalqaro huquqda tinch davrda bunday cheklovlar agressiya sifatida baholanadi. Biroq hozirgi vaziyatda rasman urush e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, amalda harbiy harakatlar davom etmoqda. Shu sababli bu masala siyosiy talqinlarga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Hozircha AQSh blokadani kuch ishlatmasdan amalga oshiryapti — kemalar radiosignallar orqali yo‘naltirilmoqda, ayrim hollarda esa tahdidlar orqali orqaga qaytarilmoqda. Eron ham sulh davrida keskin harakatlardan tiyilib turibdi. Bu esa har ikki tomon hali to‘liq to‘qnashuvdan qochishga harakat qilayotganini ko‘rsatadi.
Biroq vaziyat tez o‘zgarishi mumkin. 21-aprel kuni tugaydigan vaqtinchalik sulh muzokaralarning hal qiluvchi bosqichini belgilaydi. Agar kelishuvga erishilsa, tomonlar 2015-yildagi yadroviy kelishuvga o‘xshash formatga qaytishi mumkin. Aks holda esa harbiy ssenariy yana kun tartibiga chiqadi.
AQSh bu ehtimolga tayyorgarlik ko‘rmoqda: mintaqada harbiy-dengiz kuchlari kuchaytirilgan, desant va minadan tozalash imkoniyatlari jamlangan. Bu Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kuch bilan ochish varianti ham ko‘rib chiqilayotganini anglatadi. Biroq bunday ssenariy katta xavf tug‘diradi. Chunki hatto bitta muvaffaqiyatli hujum neft bozorida katta inqirozga sabab bo‘lishi mumkin.
Eron ham bunday holatda javobsiz qolmaydi. Uning imkoniyatlari faqat Ho‘rmuz bilan cheklanmaydi — Qizil dengiz, Fors ko‘rfazi va mintaqadagi energetika infratuzilmalari ham ehtimoliy nishonga aylanishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bugun nafaqat geografik nuqta, balki global siyosat va iqtisodiyot kesishgan strategik markazga aylangan. Yaqin kunlardagi muzokaralar esa bu mojaro qaysi yo‘nalishda rivojlanishini belgilab beradi: diplomatik kelishuv orqali barqarorlikka qaytish yoki yanada keng ko‘lamli qarama-qarshilikka yuz tutish.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter