Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yevroittifoq migratsiya siyosatini kuchaytiryapti. Deportatsiya markazlari va reydlarga ruxsat beriladi

Yevroittifoq migratsiya siyosatini kuchaytiryapti. Deportatsiya markazlari va reydlarga ruxsat beriladi

Yevropa Ittifoqi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng qattiq migratsiya qonunlaridan birini ma’qulladi. Yangi qonun noqonuniy muhojirlarni Yevropa hududidan tashqarida joylashgan maxsus markazlarga yuborish va ularga nisbatan nazorat choralarini kuchaytirishni nazarda tutadi.

Yevroparlament va YeI davlatlari kelishgan «Qaytarish to‘g‘risidagi nizom» noqonuniy muhojirlarni tezroq deportatsiya qilishga qaratilgan. Yevropa rasmiylariga ko‘ra, hozirda YeIda qolish huquqiga ega bo‘lmagan muhojirlarning atigi 29 foizi hududni tark etmoqda.

Yangi qonunning eng bahsli qismi — Yevropa Ittifoqidan tashqarida «qaytarish markazlari»ni tashkil etish imkoniyati hisoblanadi. Unga ko‘ra, YeI davlatlari uchinchi davlatlar bilan kelishuv tuzib, muhojirlarni shu hududlarda saqlashi mumkin bo‘ladi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, muhojirlar asosan o‘z vataniga yoki aloqasi bor davlatga qaytarilar edi. Yangi tizimda esa bu talab bekor qilinyapti. Faqat yolg‘iz voyaga yetmagan bolalar deportatsiya markazlariga yuborilmaydi.

Ayrim davlatlar bu borada allaqachon harakat boshlagan. Germaniya, Niderlandiya, Avstriya, Daniya va Gretsiya deportatsiya markazlari bo‘yicha hamkorlik qilmoqda. Italiya esa Albaniyada shunga o‘xshash tizimni amalga oshiryapti.

Qonun shuningdek, politsiyaga noqonuniy muhojirlar yashaydigan uylar va boshqa binolarda tintuv o‘tkazish vakolatini ham beradi. Huquq himoyachilari buni AQSh migratsiya reydlariga o‘xshatib, inson huquqlari uchun xavf deb baholamoqda.

Yangi qoidalarga ko‘ra, muhojirlarni ushlab turish muddati 6 oydan 2 yilgacha uzaytiriladi, xavfli deb topilgan shaxslar uchun esa muddat cheklanmasligi ham mumkin. YeIga kirish taqiqi 5 yildan 10 yilgacha oshiriladi va ayrim hollarda umrbod taqiq ham qo‘llanishi mumkin.

Bundan tashqari, muhojirlarning deportatsiya qarorlari ustidan shikoyat qilishi avtomatik ravishda chiqarib yuborishni to‘xtatmaydi. Endi bu masalani har bir holat bo‘yicha sud alohida hal qiladi.

O‘z navbatida, fuqarolik jamiyati va inson huquqlari tashkilotlari yangi qonunni keskin tanqid qilmoqda. Ular bu hujjat muhojirlar huquqlarini cheklashini va Yevropa migratsiya siyosatida «ksenofobik burilish» boshlanganini ta’kidlayapti.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring