Fransiya jangovar robotlar bo‘linmasini sinovdan o‘tkazishni boshladi
Fransiyada piyoda askarlar yoki kavaleriya eskadroni vazifalarining bir qismini bajarishga qodir robotlashtirilgan jangovar bo‘linma ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Le Point nashri xabar berdi.
2025 yilda boshlangan Pendragon loyihasi Mudofaa sohasidagi sun’iy intellekt bo‘yicha vazirlik agentligi (AMIAD), Istiqbolli jangovar harakatlar qo‘mondonligi (CCF) hamda mudofaa sanoati vakillari hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Loyiha mualliflari 2027 yil yozida tajriba tariqasida robotlashtirilgan jangovar bo‘linmani (URC) taqdim etishni rejalashtirmoqda. Uning tarkibiga o‘nga yaqin yerusti robotlashgan platforma va qariyb 60 ta uchuvchisiz uchish apparati kiradi.
«120–130 nafar harbiyni xavf ostiga qo‘yish o‘rniga, front ortida joylashgan taxminan 15 nafar harbiy masofadan turib robotlar va dronlarni boshqaradi», — deydi loyihaning taktik qismi uchun mas’ul podpolkovnik Kristof.
Nashrning qayd etishicha, loyihaning asosiy elementi C2 Pendragon nomli sun’iy intellektga asoslangan boshqaruv tizimi bo‘ladi. U qo‘mondon tomonidan berilgan topshiriqlar asosida robot platformalar harakatlarini muvofiqlashtiradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yerusti robotlarining aksariyati ichki yonuv dvigatellari bilan jihozlangan. Ishlab chiquvchilarning fikricha, bu elektr platformalarga nisbatan texnikani tezroq safga qaytarish imkonini beradi. Kelajakda robotlar pulemyotlar va masofadan boshqariladigan o‘q-dorilar konteynerlari kabi turli qurollarni olib yurishi mumkin. Majmua tarkibiga razvedka va zarba beruvchi dronlar ham kiradi.
Ta’kidlanishicha, qurolni qo‘llash bo‘yicha yakuniy qaror har doim inson tomonidan qabul qilinadi.
Tajriba bo‘linmasi namoyish etilgach, uni qo‘llash doktrinasi ishlab chiqiladi va qo‘shimcha sinovlar o‘tkaziladi. Dasturchilar hisob-kitobiga ko‘ra, bitta shunday robotlashtirilgan bo‘linmaning qiymati taxminan 10 million yevroni tashkil etadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter