Isroil prezidenti Netanyahuni afv etish shartini aytdi
Isroil prezidenti Is’hoq Gersog Bosh vazir Binyamin Netanyahuga yana ikki yil lavozimda qolish, shundan so‘ng siyosatdan butunlay ketish bo‘yicha kelishuvni taklif qildi. Buning evaziga bosh vazir korrupsiya bo‘yicha ish uchun avf etiladi, deb xabar beradi mahalliy C14 telekanali.
Kanal ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tashabbus hozirgi yangi hukumatni tuzish uchun asos bo‘lishi mumkin. Rotatsiya bo‘yicha Binyamin Netanyahu avval bosh vazir lavozimini egallaydi. Bu unga AQSh prezidenti Donald Tramp bilan yana ikki yil ishlash imkonini beradi, deb ta’kidlaydi C14.
27-oktyabrdagi saylovlarning dastlabki natijalariga ko‘ra, Netanyahuning bloki parlamentda 53 o‘ringa, uning raqibi, muxolifat koalitsiyasi esa 48 o‘ringa ega.
Prezident hukumatni shakllantirishning mumkin bo‘lgan ssenariysini siyosiy boshi berk ko‘chadan chiqish yo‘li sifatida ko‘rishi mumkin, chunki na hukmron blok, na muxolifat kabinet tuzish uchun 61 o‘rinli ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmagan.
Biroq Prezident devoni bu ma’lumotni «mutlaqo yolg‘on» deb atadi va hukumat tuzilishi haqida taxminlar yo‘qligini ma’lum qildi.
Netanyahu 2022-yil dekabridan beri bosh vazir bo‘lib ishlamoqda, ilgari 1996-yildan 1999-yilgacha va 2009-yildan 2021-yilgacha ushbu lavozimda bo‘lgan. 2019-yildan beri unga qarshi bir nechta jinoiy tergovlar olib borilmoqda. Bosh vazir firibgarlik, ishonchni suiiste’mol qilish va korrupsiyada ayblanmoqda. Ayblovlar nufuzli biznesmenlardan o‘z manfaatlarini ilgari surish evaziga o‘n minglab dollarlik qimmatbaho sovg‘alarni - sigaretalar va shampan vinolarini qabul qilish bilan bog‘liq. U har qanday qonunbuzarlikni rad etdi. 2025-yil noyabr oyida AQSh prezidenti Donald Tramp Is’hoq Gersogga birinchi marta Isroil bosh vazirini avf etishni taklif qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter