«Jekson–Venik tuzatishini bekor qilish tarafdorimiz...» – Marko Rubio
AQSh davlat kotibi Marko Rubio Vashington O‘zbekistonga nisbatan ham amal qilayotgan Jekson–Venik tuzatishini bekor qilishni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
U 19 oktyabr kuni Samarqanddagi Registon maydonida jurnalistlar savoliga javob berar ekan, bu masala Kongress vakolatida ekanini ta’kidladi.
«Biz uni bekor qilish tarafdorimiz. Kongressda ham buni qo‘llab-quvvatlovchi nufuzli siyosatchilar bor. Ma’muriyat ham tuzatishni bekor qilishni so‘ragan. Kongress hozircha bu masalani ko‘rib chiqishga ulgurmadi, ammo biz bunga umid qilamiz», — dedi Rubio.
Ma’lumot uchun, Sobiq Ittifoqqa jazo sifatida kiritilgan va hanuzgacha O‘zbekiston bilan savdo aloqalariga texnik to‘siq sifatida saqlanib qolgan «Jekson-Venik tuzatishi» — 1974-yilda AQSh Savdo to‘g‘risidagi qonuniga kiritilgan tuzatishlar bo‘lib, ular emigratsiyaga (ko‘chish) to‘siq qo‘yuvchi va boshqa inson huquqlarini buzuvchi davlatlar bilan savdoni chegaralashni ko‘zda tutadi. Hujjat uni taklif qilgan kongressmenlar Genri Jekson va Charlz Venik sharafiga nomlangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter