Nepalda ko‘chki va toshqindan halok bo‘lganlar soni 900 nafardan oshdi
Himolayda yuz bergan vayronkor sel oqibatida halok bo‘lganlar soni 900 nafardan oshdi. Nepal poytaxti Katmandudagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha idora 31 avgust kuni mamlakatda 903 nafar qurbonning jasadi topilganini ma’lum qildi. Xitoyda rasman tasdiqlangan qurbonlarni ham hisobga olganda, halok bo‘lganlar soni kamida 919 nafarni tashkil etmoqda.
Nepalda bedarak yo‘qolganlar soni ham keskin oshib, 4247 nafarga yetgan. Ular orasida 592 nafar xorijlik bor. Xitoyda esa 546 kishi bedarak yo‘qolgan deb qayd etilgan, ularning uch nafari Germaniya fuqarolaridir.
Qutqaruv ishlarida minglab odam ishtirok etmoqda
Tibetning janubi-g‘arbidagi tabiiy ofat hududi hamda Nepalning zarar ko‘rgan tumanlarida bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlariga minglab qutqaruvchilar jalb qilingan. Ayniqsa, bir nechta gidroelektr stansiyalarida qidiruv ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dambalardan birining tunnelida yuzlab ishchilar qamalib qolgan bo‘lishi mumkin.
Qutqaruv ishlari suv sathining ko‘tarilishi va noqulay ob-havo sharoiti tufayli qiyinlashmoqda. Yangi ko‘chkilar va sellar yuzaga kelish xavfi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Yaqin kunlarda hududda yana yomg‘ir yog‘ishi prognoz qilingan.
Zarar ko‘rgan aholiga yordam ko‘rsatish ham murakkab vazifaga aylangan. Sel va ko‘chkilar muhim yo‘llar hamda ko‘priklarni vayron qilgan. Jumladan, Nepal poytaxti Katmanduni mamlakatning janubiy hududlari bilan bog‘lovchi asosiy avtomobil magistrali ham zararlangan.
Halok bo‘lganlar ommaviy qabrlarga dafn etilmoqda
Axborot agentliklari va mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, Nepalda shaxsi aniqlanmagan jasadlarni ommaviy qabrlarga dafn qilish boshlangan. Shu bilan birga, halok bo‘lganlardan DNK namunalari olinmoqda va jasadlarga identifikatsiya belgilari qo‘yilmoqda. Bu yaqinlari keyinchalik ularni tanib, olib ketishi uchun amalga oshirilmoqda.
Nepalda marhumlarni odatda krematsiya qilishadi. Shu bois jasadlarni dafn etish ularning yaqinlari olib ketguniga qadar vaqtinchalik chora sifatida qaralmoqda.
Nepal rasmiylarining ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlarning ko‘plab jasadlari suv toshqini sodir bo‘lgan hududlardan o‘nlab kilometr uzoqlikda, mamlakat janubidan topilgan.
Hindiston bilan chegaradosh Chitvan tumani ma’muriyati ko‘plab jasadlar kuchli darajada chirib ketgani sabab ularni tezkor aniqlash imkoni bo‘lmayotganini bildirgan. Mutaxassislar epidemiyalar tarqalishi xavfidan ham ogohlantirmoqda.
Nepal va Xitoydagi sel ofati
Nepalning Tibet bilan chegaradosh Rasuva tog‘li hududida sel 26 avgust kuni ertalab sodir bo‘lgan.
Xitoyning Tibet avtonom hududidan boshlanib, Nepalning Bagmati-Pradesh provinsiyasi orqali oqib o‘tuvchi Bxote-Koshi daryosiga katta miqdorda loy va toshlar qulashi natijasida daryo o‘z o‘zanidan toshib ketgan. Bu ko‘chkiga yer osti silkinishlari yoki muzlikning erishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Ayni paytda Tibet xorijlik jurnalistlar uchun deyarli yopiq hudud bo‘lib qolmoqda. Bu mintaqadagi ofat ko‘lamini mustaqil ravishda yoritishni qiyinlashtirmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter