Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shoygu Putinga qarshi yashirin fitna tayyorlayaptimi?..

Shoygu Putinga qarshi yashirin fitna tayyorlayaptimi?..

Foto: TASS

Yaqinda “Vajnie istorii”, SNN, Financial Times kabi ommaviy axborot vositalari Yevropa mamlakatlaridan birining razvedka xizmatiga tayangan holda Rossiyada davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani va prezident Vladimir Putin hayotiga tahdid mavjudligi haqida ma’lum qildi.

Xabar.uz ham kuni kecha ehtimoliy tahdidlarning ortishi fonida Putinni qo‘riqlashga qaratilgan choralar sezilarli darajada kuchaytirilgani, Rossiya rahbari asosiy vaqtini bunkerda o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Razvedka ma’lumotlariga qaraganda, 2024 yil may oyidan buyon Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida faoliyat yuritayotgan va harbiy qo‘mondonlikda o‘z nufuzini saqlab qolgan sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu “beqarorlik keltirib chiqaruvchi omil” o‘laroq ko‘rilmoqda.

Shoyguning sobiq birinchi o‘rinbosari Ruslan Salikovning joriy yil 5 mart kuni hibsga olinishi elita uchun norasmiy xavfsizlik kafolatining buzilishi deb baholanmoqda. Ushbu hibs Shoyguning nufuzini pasaytiradi va unga qarshi jinoiy ish ochilishi ehtimolini oshiradi, deb hisoblaydi “Vajnie istorii”.

Rossiyada chindan ham Putinga qarshi fitna hozirlanmoqdami? Bu masalada ekspertlar ikki guruhga bo‘lingan. Birinchi toifa Ukraina maxsus xizmati Rossiya hududida muvaffaqiyatli amaliyotlar o‘tkazayotganini qayd etib, Putinga nisbatan tahdid real ekanini aytmoqda. Ikkinchi toifa tahlilchilar esa davlat to‘ntarishi ehtimoli past, shov-shuvli ma’lumotlar Rossiya elitasi orasida vahima uyg‘otishga mo‘ljallangan deb hisoblaydi.

Xo‘sh, Vladimir Putinning ko‘p yillik safdoshi va do‘sti Sergey Shoygu ham unga qarshi fitnaga bosh qo‘shganmi?

“Shoygu uzoq yillar mobaynida Vorobyov (so‘z senator va Shoyguning FVVdagi sobiq birinchi o‘rinbosari Yuriy Vorobyov yoki uning o‘g‘li Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov haqida ketmoqda – tahr.), Timchenko

(Gennadiy Timchenko – milliarder, Putinning do‘sti – tahr.) kabi shaxslardan iborat qudratli klanga boshchilik qilgan. U mudofaa vaziri va FVV rahbari bo‘lgan vaqtda qo‘l ostidagi ko‘p sonli kishilarni korrupsiya rishtalari bilan bog‘lagan edi”, – deydi “Vajnie istorii” nashri asoschisi Roman Anin DW bilan suhbatda.

Joriy yil aprel oyida Telegramdagi VChK-OGPU kanali Kreml ichki vaziyat bilan bog‘liq tahdidlardan xavotirda ekani haqida xabar bergandi.

Kuni kecha Moskvada 9 may – G‘alaba kuniga atab o‘tkaziladigan harbiy parad munosabati bilan xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilgani, jumladan, poytaxtda 5-9 may kunlari mobil internet va SMS xizmati cheklanishi ma’lum bo‘ldi.

Siyosatshunos Yekaterina Shulman fikricha, Putin haqiqatan ham o‘z xavfsizligidan xavotirga tushib qolgan va shu bois parad formati o‘zgartirildi.

Ukraina maxsus xizmat amalga oshirayotgani taxmin qilingan rossiyalik generallarga qarshi muvaffaqiyatli suiqasdlar ham Putinni qo‘rqitib qo‘ygan deb hisoblaydi siyosatshunos Abbos Gallyamov. Ammo katta resurs va dastakdan mahrum qilingan Sergey Shoygu davlat to‘ntarishi qilishga qodir emas, deydi u.

Shulman ham FT va CNN chop etgan ma’lumotlarning haqqoniyligiga shubha bildirgan.

Rossiya bo‘yicha mutaxassis Mark Galeotti esa Putinga qarshi fitna haqidagi xabarlarni elita orasida g‘ulg‘ula uyg‘otishga qaratilgan dezinformatsiya deb atagan.

Avval xabar berganimizdek, Sergey Shoygu roppa-rosa ikki yil avval mudofaa vaziri lavozimidan bo‘shatilib, RF Xavfsizlik kengashi kotibligiga o‘tkazilgan edi.

Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush boshlanishidan bir necha hafta o‘tib, Rossiya Qurolli kuchlarining Ukrainadagi yo‘qotishlari haqida Kreml rahbariga aytilmagani vajidan Putin va Shoygu o‘rtasida keskinlik kuchaygani xabar qilingandi.

So‘nggi bir necha yilda ayrim tahlilchilar Ukrainadagi muvaffaqiyatsiz harbiy yurish ortidan Rossiyada hokimiyat almashuvi ro‘y berishi haqida yozib kelmoqda.

Ba’zi ekspertlar Putin allaqachon mutlaq hokimiyatni boy bera boshlagani haqidagi farazni ham ilgari surgan. Masalan, rossiyalik siyosatshunos Abbas Gallyamov Putin va uning xos a’yonlari Ukraina urushi muvaffaqiyatsiz tugasa, xorijga qochishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. O‘z davrida Putin komandasida faoliyat yuritgan A.Gallyamovga ko‘ra, qochish operatsiyasi “Nuh kemasi” degan ramziy nom bilan atalgan.

Rossiya sobiq bosh vaziri Mixail Kasyanov Putinga xavfsizlik garovi evaziga hokimiyatdan ketish taklifi berilishi mumkinligi haqida aytgan edi. Sobiq bosh vazir Xitoy Putinni o‘z himoyasiga olishi va uning xavfsizligini kafolatlashi mumkin bo‘lgan yagona davlat ekanini ta’kidlagan.

Ammo Germaniya federal razvedka xizmati rahbari Bruno Kal bu kabi taxminlarni rad etib, Putinning hokimiyati mustahkam ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, Rossiyaning Ukraina urushidagi no‘noqliklari borasida jamoatchilik e’tirozlar bildirmoqda, ammo bu Putinning kursisi liqillab qolganidan dalolat bermaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring