Trampning yuziga tushirilgan «ma’naviy tarsaki»
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatidagi yuqori martabali razvedka mulozimi — Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha milliy markaz direktori Jo Kent Oq uyning Eronga qarshi urushiga norozilik bildirgan holda lavozimidan iste’fo berdi. Tahlilchilar buni Trampning yuziga tushirilgan «ma’naviy tarsaki» deb baholamoqda.
«Uzoq mulohazalardan keyin men bugun Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha milliy markaz direktori lavozimidan ketishga qaror qildim. Vijdonim Eronda davom etayotgan urushni qo‘llab-quvvatlashga izn bermayotir. Eron bizning mamlakatga bevosita tahdid tug‘dirmagan va ayonki, biz bu urushni Isroil bosimi ostida va uning Amerikadagi kuchli lobbisi ta’sirida boshladik», — degan u Trampga yo‘llagan iste’fo maktubida.
Ma’lum bo‘lishicha, Jo Kent Trampning birinchi prezidentlik davridagi tashqi siyosat strategiyasini dastaklagan. Ammo 2025-yil iyun oyida Yaqin Sharqdagi urush AQShning farovonligiga tahdid soluvchi qopqon ekanini tushunib yetgan. Bu o‘rinda razvedka mulozimi Qo‘shma Shtatlar o‘tgan yil 22 iyunga o‘tar kechasi Isroil chaqirig‘i ostida Eronning yadroviy ob’yektlarini bombalaganini nazarda tutmoqda.
«Boshqaruvingizning ilk yilida Isroilning yuqori martabali mulozimlari va AQSh matbuotidagi nufuzli shaxslar sizning “Amerika hamma narsadan ustun” degan prinsipingizni obro‘sizlantiruvchi va Eronga qarshi urush olovini yoquvchi dezinformatsiya kampaniyasini yuritdilar. Aks-sado xonasini esga soluvchi bu hol sizni Eron AQShga bevosita xavf tug‘diradi va unga zarba berib, tezkor g‘alabaga erishish lozim degan fikrga ishontirdi. Aslida, bu yolg‘on edi va minglab amerikalik askarlar hayotiga zomin bo‘lgan Iroqdagi urush taktikasining ayni o‘zi edi. Biz bu xatoni takrorlay olmaymiz», — deb yozadi razvedka mulozimi.
45 yoshli Jo Kent josuslik xizmati veterani sifatida 11 marta jangovar harakatlarda qatnashgani, Isroil provokatsiyasi bilan boshlangan urushda, 2019-yilda rafiqasi — AQSh harbiy-dengiz kuchlari kriptologi Shennon Kentdan ayrilganini ta’kidlagan. U Trampni harbiy strategiyani o‘zgartirishga chaqirgan.
Trampning o‘zi Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha milliy markaz rahbarining ixtiyoriy iste’fosiga munosabat bildirib, uni “yaxshi yigit”, ammo “xavfsizlik bobida kuchsiz” deb atagan. Tramp qisqa bayonotida aksilterror idorasi rahbari “xavfsizlik bobida kuchsiz” bo‘lsa, nega shu paytga qadar ishdan bo‘shatmaganiga oydinlik kiritmagan.
Tahlilchilar fikricha, Trampning ko‘p yillik tarafdori va safdoshi bo‘lgan Jo Kentning Oq uy harbiy strategiyasini ochiq tanqid qilgan holda iste’fo berishi ma’muriyatdagi chuqur bo‘linishdan dalolat beradi.
“Vashington Tel-Avivning nog‘orasiga o‘ynayotgani”ga norozilik ifodasi sifatida berilgan bu kabi shov-shuvli iste’folar avval ham kuzatilgan edi. Jumladan, 2023-yilda AQSh davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi.
2024-yilda esa Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi xodimi Mark Smit ham shunday yo‘l tutgandi. TIV tizimida terrorizmga qarshi kurash yo‘nalishida faoliyat yuritgan Mark Smit Isroilning G‘azodagi xalqaro huquqqa zid harakatlari yuzasidan vazirlikning turli darajadagi rahbarlariga o‘z xavotirini bildirgan. Tayinli javob olmagach, ishdan ketishni ma’qul ko‘rgan. U Buyuk Britaniya ham Isroilning G‘azodagi harbiy jinoyatlariga sherik ekanini aytgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter