Ukraina diplomati Qrimning kelajagini bashorat qildi
Ukrainaning Anqaradagi elchisi Narimon Jalol Turkiya matbuotiga bergan intervyusida Rossiya ishg‘oli ostidagi Qrimning kelajagini bashorat qildi.
Ozarbayjon Respublikasi o‘z hududi – Qorabog‘ni qaytarib olganini eslatgan diplomat Ukraina ham xalqaro ittifoqchilar ko‘magida Qrimni qayta o‘z hududiga qo‘shib olishi va adolatni tiklashiga ishonch bildirgan.
Narimon Jalol Qrimda siyosiy qatag‘on davom etayotgani, jumladan, 300 dan ziyod siyosiy mahbus qamoqda qolayotganini qayd etgan.
Elchining fikricha, Rossiya hukumati Qrim yarimorolida aholini majburan ruslashtirish va tub aholini hududdan siqib chiqarish siyosatini yuritmoqda. Asirlar va daraksiz yo‘qolgan haqidagi ma’lumotlar yashirilmoqda.
Rus bosqiniga to‘xtalgan Ukraina elchisi Rossiyaning raketa va dron zarbalari oqibatida birgina joriy yil iyul oyida mamlakatda 437 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani, 2500 kishi jarohatlanganini aytgan.
Diplomat Qora dengizdan Rossiya harbiy kemalari o‘tishiga yo‘l qo‘ymayotgani va mudofaa sanoatiga ko‘mak ko‘rsatayotgani uchun Turkiya hukumatiga minnatdorlik bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida: Turkiya rahbariyati xalqaro huquq talabiga muvofiq Qrim Ukrainaga qaytarilishi shartligini ta’kidlab keladi.
Ukraina tarkibidagi Qrim muxtor respublikasi va Sevastopol shahri 2014 yil fevral-mart oylarida Rossiya tarkibiga qo‘shib olingan edi. Xalqaro hamjamiyat Ukraina hududlari noqonuniy ravishda tortib olinganini qoralagan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya har qancha urinmasin, mag‘lubiyatga uchrashi va Qrim ham qaytarib olinishi haqida bayonot bergan.
Zelenskiy o‘tgan yili AQSh prezidenti Donald Trampning Qrimdan voz kechish orqali mojaroni to‘xtatish taklifini ham rad etgandi.
Amnesty International tashkiloti Qrim anneksiyasining 10 yilligi munosabati bilan chop etgan hisobotida Rossiya hukumati yarimorolning etnik tarkibini o‘zgartirishga urinayotgani haqida bong urgandi. Tadqiqotga ko‘ra, Rossiya o‘tgan yillar mobaynida Qrimdagi ukrain va qrim tatarlari haq-huquqlarini poymol qilib kelmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad bu ikki millatning o‘zligini mahv etish deb baholangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter