Ukraina va Rossiya Oleshki shahrida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi va Rossiya Mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan Xerson viloyatidagi Oleshki (ukrain tilida — Oleshki, rus tilida — Aleshki) shahri atrofida avval kelishilgan o‘t ochishni to‘xtatish tartibi kuchga kirganini tasdiqladi.
«Xerson viloyatining Aleshki aholi punkti hududida gumanitar operatsiya o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilayotgani munosabati bilan Rossiya Qurolli kuchlari Xerson yo‘nalishida o‘t ochishni to‘xtatdi va 2026 yil 27 oktyabr kuni Moskva vaqti bilan soat 04:00 dan boshlab “sukut rejimi”ni joriy etdi», — deb xabar berdi Rossiya Mudofaa vazirligi Telegram orqali.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi ham Kiyev vaqti bilan 27 oktyabr soat 03:00 dan boshlab Xerson viloyatining vaqtincha bosib olingan Oleshki shahrida gumanitar operatsiya o‘tkazish uchun muayyan hududda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etilganini ma’lum qildi.
Bosh shtab bayonotiga ko‘ra, sukut rejimi faqat gumanitar operatsiyani amalga oshirish, shaharda qolgan aholiga yordam yetkazish va tinch aholining Oleshkidan xavfsiz chiqib ketishiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘rnatilgan.
Ukraina harbiylari shahar aholisiga yordam berish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va ularni qutqarish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishini bildirgan.
Kelishuvga muvofiq, Rossiya tomoni yo‘llarni minalardan tozalashi, Ukraina esa qamalda qolgan aholini evakuatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rishi kerak.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, 23 oktyabr kuni Vashington e’lon qilgan vaqtinchalik sulhga AQSh prezidenti Donald Trampning rafiqasi Melaniya Tramp vositachiligida erishilgan.
Shu bilan birga, Ukraina prezidenti Rossiya armiyasi jarayonni obro‘sizlantirishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Uning fikricha, Moskva aholini o‘z tomoniga og‘dirishga urinishi va gumanitar evakuatsiyadan targ‘ibot maqsadlarida foydalanishi mumkin.
«Ukrainaning ustuvor vazifasi — qamalda qolgan aholini qutqarish va ularning Ukraina nazoratidagi hududga yetib olishiga yordam berish», — deb ta’kidlagan Zelenskiy.
Melaniya Tramp: Rossiya va Ukraina vakillari aholi xonadonlariga tashrif buyuradi
23 oktyabr kuni Oq uy Moskva va Kiyev gumanitar yordam yetkazish hamda tinch aholini maxsus tashkil etilgan xavfsiz yo‘lak orqali evakuatsiya qilishga tayyorgarlik ko‘rish uchun o‘t ochishni to‘xtatishini ma’lum qilgan edi.
AQSh ma’muriyatining matbuot bayonotida Oleshkida vaqtinchalik sulhga kelishishda birinchi xonim Melaniya Tramp jamoasi muhim rol o‘ynagani qayd etilgan.
Melaniyaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Ukraina fuqarolik vakillari aholining qanday yordamga muhtojligini aniqlash uchun Oleshkidagi xonadonlarga birgalikda tashrif buyuradi.
«Evakuatsiyani tanlaganlarga ular xohlagan manzilga borish uchun zarur yordam va transport taqdim etiladi. Ayrimlar Rossiyaga, boshqalar esa Ukrainaga borishni xohlashi mumkin», — deyiladi Oq uy bayonotida uning so‘zlaridan keltirilgan iqtibosda.
Birinchi xonimning qo‘shimcha qilishicha, aholi xonadonlarini aylanish jarayonida har ikki mamlakat vakillariga voqealarni tasvirga oladigan «mustaqil Amerika media tashkiloti» xodimlari hamrohlik qiladi.
Oleshki — Xerson viloyatining Dnepr daryosi chap qirg‘og‘ida, Rossiya nazorati ostidagi hududda joylashgan kichik shahar. Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlashidan oldin u yerda taxminan 24 ming kishi yashagan.
Hozirgi baholarga ko‘ra, shaharda 1 700–2 000 nafar aholi qolgan, ular orasida kamida bir necha o‘n nafar bola bor.
2023 yil iyun oyida Rossiya tomonidan Kaxovka GESi vayron qilinganidan keyin shahar deyarli to‘liq suv ostida qolgan. Suv toshqini oqibatlari infratuzilma va ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni yanada kuchaytirgan.
So‘nggi bir necha oy davomida Oleshki qamal holatida qolmoqda. Ukraina nazoratidagi viloyat markazi Xerson shahri Oleshkidan atigi 9 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Shahar atrofidagi hudud minalar bilan qoplangani sababli, u yerdan istalgan yo‘nalishda chiqib ketish hayot uchun o‘ta xavfli hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter