Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vengriya Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini bloklamoqchi

Vengriya Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini bloklamoqchi

Vengriya Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi 20-paket sanksiyalarini bloklashini ma’lum qildi. Bu haqda 22-fevral kuni mamlakat tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto bayonot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Bryusselda o‘tadigan YeI Tashqi ishlar kengashi yig‘ilishida yangi sanksiyalar paketi qabul qilinishi rejalashtirilgan, ammo Vengriya bu qarorni qo‘llab-quvvatlamaydi.

«Ukraina «Drujba» neft quvuri orqali Vengriya va Slovakiyaga neft tranzitini tiklamagunicha, Kiyev uchun muhim bo‘lgan qarorlarni qabul qilishga ruxsat bermaymiz», – dedi Siyyarto.

Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen fevral boshida ma’lum qilganidek, yangi paket Rossiya neft eksportiga oid dengiz xizmatlarini to‘liq taqiqlashni ko‘zda tutadi. Sanksiyalar, jumladan, «Soya floti» deb ataluvchi 43 ta tankerga cheklovlarni, muzyorar kemalar va suyultirilgan gaz tashuvchi tankerlar uchun texnik xizmatlarni taqiqlashni, avval sanksiyaga tushmagan metall, kimyoviy mahsulotlar va strategik minerallar importiga taqiqni, Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga eksportga qo‘shimcha cheklovlarni (rezinadan tortib traktorlargacha) hamda yana 20 ta Rossiya mintaqaviy bankini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishni qamrab oladi.

Yevropa Ittifoqida sanksiyalar kuchga kirishi uchun esa barcha a’zo davlatlar roziligi talab etiladi.

18 fevral kuni Siyyarto Vengriya Ukrainaga dizel yoqilg‘isi yetkazib berishni ham to‘xtatganini aytgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu qaror neft tranziti tiklanmaguncha amal qiladi. Shuningdek, Budapesht Yevrokomissiya tomonidan tasdiqlangan Ukrainaga 90 milliard yevro miqdoridagi kredit ajratilishini ham bloklagan.

Siyyartoning fikricha, Kiyev neft tranzitini cheklash orqali Vengriyaga bosim o‘tkazmoqda va bu harakat Bryussel hamda vengriyalik muxolifat bilan muvofiqlashtirilgan.

Shu tariqa, Ukraina atrofidagi energetika va sanksiyalar masalasi YeI ichidagi kelishmovchiliklarni yanada kuchaytirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Slovakiya va Vengriya rahbarlari Rossiya neftining «Drujba» quvuri orqali tranziti to‘xtatilgani ortidan Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib berishni cheklash yoki to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqishlarini ma’lum qilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring