Xitoylik ota-onalar farzandlarini og‘ir mehnat lagerlariga jo‘natmoqda
Xitoylik ota-onalar farzandlarini hayot qiyinchiliklariga ko‘niktirish va oilasiga mehrini oshirish maqsadida ularni qishloq xo‘jaligi mehnat lagerlariga yuborishmoqda. Bu haqda South China Morning Post yozmoqda.
Shu yilning yozida Xitoyda «Hayot sinovlari lageri» deb nomlangan maxsus dastur ommalashib ketdi. Ko‘plab ota-onalar farzandlari qishloq hayoti bilan bevosita tanishishlari uchun minglab yuan (yuzlab AQSh dollari) sarflab, ularni chekka qishloqlarga jo‘natmoqdalar. Mazkur dasturlar asosan Xitoyning janubi-g‘arbiy qismidagi Sichuan, Guychjou va Yunnan provinsiyalarida tashkil etilmoqda — yozda bu hududlarning iqlimi nisbatan salqin va mehnat qilish uchun qulay.
Lagerlarda bolalar oddiy dehqonlarning kundalik yumushlarini — kartoshka kovlash, chorva mollariga qarash kabi ishlarni qilishadi. Biroq ularga mehnati uchun haq to‘lanmaydi, aksincha, ota-onalar farzandlari mehnatda toblanishi uchun o‘z cho‘ntaklaridan pul to‘lashadi.
«Oromgoh»lardan birida 10 kunlik mashaqqatli ta’til uchun 4000 yuan (taxminan 600 AQSh dollari) to‘lanadi. Bir oygacha davom etadigan uzoq muddatli dasturlar esa ota-onalarga 10 000 yuandan qimmatga tushishi mumkin.
Lagerlarda o‘ta qattiq tartib-intizom o‘rnatilgan. Agar bola berilgan topshiriqni bajara olmasa, jazo sifatida unga ovqat o‘rniga faqat kartoshka beriladi. Lagerga kelgan bolalarning telefonlari olib qo‘yiladi. Kundalik ehtiyoj mollari va oziq-ovqat esa faqat bajarilgan ishning hajmiga qarab taqsimlanadi.
Lager tashkilotchilarining ta’kidlashicha, maqsad — bolalarga jismoniy mehnatning mashaqqatini va pul topish qanchalik qiyinligini amalda ko‘rsatish. Albatta, tashkilotchilar beriladigan topshiriqlar bolaning sog‘lig‘iga zarar yetkazadigan darajada «o‘ta og‘ir» bo‘lmasligini nazorat qilib borishadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda lagerdagi bolalarning uyga ketaman deb yig‘layotganini ko‘rish mumkin. Hatto ba’zi bolalar qishloqdagi mehnatdan ko‘ra maktab vazifalarini bajarishga rozi ekanliklarini aytib: «Qishloqdagi mana shu ishlarni qilmasam bo‘ldi, boshqa har qanday yumushga tayyorman», deb yolvorishmoqda.
Ayrim lagerlarda bolalar uchun ota-onalariga majburiy tarzda xat yozish tartibi o‘rnatilgan.
Sichuanlik Gao ismli ota maktabda o‘qiydigan qizini mana shunday «Hayot sinovlari lageri»ga yuborgan. Avvaliga qizi tinmay shikoyat qilgan, oxiri esa unga qishloqda yashash va ishlash yoqib qolgan — ota hayratda. Shanxaylik ona esa yetti yoshli qizini lagerga 10 kunga jo‘natgan. Uning kuzatishicha, ta’tildan qaytgan qizida hali ham yalqovlik va injiqlik odatlari to‘liq yo‘qolmagan. Shunga qaramay, ona juda mamnun. «Eng muhimi, qizim o‘z shinam dunyosidan chiqib, mutlaqo boshqacha hayot tarzi borligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi», — deydi u.
«Farzandlarimizning bu yozgi lagerlarda ko‘rayotgan kunlari — bizning avlod boshidan kechirgan mashaqqatlar oldida holva. Biz ularga eng yaxshi hayotni sovg‘a qilishga urindik, lekin sezmagan holda ularni erkalatib, tantiq qilib qo‘ygan bo‘lishimiz mumkin. Bolalar bu farovon hayotning qadriga yetishlari uchun qiyinchilik ham ko‘rishlari shart», — deya fikr bildirgan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.
Biroq bu fikrga qo‘shilmaydiganlar ham talaygina. «Ko‘p bolalar faqat shahar sharoitida yashab ta’lim-tarbiya olishgan. Ularni me’yordan ortiq og‘ir jismoniy mehnatga majburlash ham jismoniy, ham ruhiy rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin», — deb yozdi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan biri.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu lagerlardan joylashtirilgan videolar ostida minglab foydalanuvchilar o‘z fikrlarini qoldirmoqda. Qizig‘i, bunday dasturlar bilan jiddiy qiziqib, farzandlarini ushbu mehnat lagerlariga qanday yozdirish mumkinligi haqida so‘rayotganlar oz emas.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter