Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zelenskiy NATO «umidi»dan voz kechish shartlarini aytdi

Zelenskiy NATO «umidi»dan voz kechish shartlarini aytdi

Reuters

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat NATOga a’zo bo‘lishdan voz kechishi mumkinligini istisno etmadi. Uning aytishicha, agar AQSh va Yevropa ittifoqchilari Kiyevga ishonchli va yuridik kuchga ega xavfsizlik kafolatlarini taqdim etsa, bu variant ham muhokama qilinishi mumkin.

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, mazkur bayonot Ukraina rahbari tomonidan Berlinda AQSh delegatsiyasi bilan o‘tkazilgan besh soatlik muzokaralar chog‘ida yangragan. Uchrashuvlar bugun, 15-dekabr kuni ham davom etadi.

Zelenskiy muzokaralar boshlanishidan oldin jurnalistlar bilan muloqotda Ukraina «boshidanoq NATOga a’zo bo‘lishga intilgani»ni ta’kidladi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va ayrim Yevropa davlatlari vakillari bu intilishni qo‘llab-quvvatlamagan.

«Bugun Ukraina va AQSh o‘rtasida ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlari, ya’ni NATOning 5-moddasiga o‘xshash kafolatlarni AQSh tomonidan taqdim etilishi, shuningdek, Yevropadagi hamkorlarimiz va boshqa davlatlar — Kanada, Yaponiya tomonidan xavfsizlik kafolatlari berilishi yangi bosqinning oldini olish imkoniyatidir. Bu bizning tomonimizdan qilingan murosa», – dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti, shuningdek, bunday kafolatlar albatta yuridik jihatdan majburiy kuchga ega bo‘lishi shartligini alohida ta’kidladi. U muzokaralar yakuni bo‘yicha rasmiy bayonotni uchrashuvlar to‘liq yakunlangandan so‘ng e’lon qilishini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, bugun Berlinga boshqa Yevropa davlatlari rahbarlari ham yetib kelishi kutilmoqda.

Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishidan voz kechishi masalasida Rossiya qat’iy pozitsiyada turibdi. Kiyevning neytral maqomini belgilash va mamlakat konstitutsiyasida NATOga qo‘shilmaslikni mustahkamlash Kremlning asosiy talablaridan biri bo‘lib kelgan. Bu talab 2022-yil aprelidagi Istanbul muzokaralarida ham, hozirda muhokama qilinayotgan ehtimoliy tinchlik kelishuvi doirasida ham ilgari surilmoqda.

Manba: reuters.com

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring