Boysundagi holat: daryoga oqqan neft uchun 8,5 mlrd so‘mdan ortiq tovon hisoblandi
Avval xabar qilinganidek, Surxondaryo viloyati Boysun tumanida neft aralash suyuqlik daryoga qo‘shilib ketgan holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazildi.
O‘rganishlar davomida ma’lum bo‘lishicha, «Surxan Gas Chemical Operating Company» MChJ qo‘shma korxonasiga qarashli quduqdan neft mahsulotlari aralash suyuqlik sizib chiqqan. Uni tabiiy suv havzalariga tushishini oldini olish maqsadida «Eriell Oilfield Services Middle East DMCC» kompaniyasi texnikasi yordamida 11 ta handaq qazilib, vaqtinchalik saqlash choralari ko‘rilgan.
Biroq 23 aprel kuni kuchli yog‘ingarchilik oqibatida handaqlardan 1,2 tonna neft aralash suyuqlik Xongaronsoyga oqib ketgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun 8,5 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya to‘lovi belgilangan.
Hozirda holat bartaraf etilgani, suv neft aralashmalaridan tozalangani ma’lum qilindi. Shu bilan birga, tekshiruv ishlari davom etmoqda va yakuniy xulosalar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter