Xavfli retsidivistni ushlashda jonbozlik ko‘rsatgan fuqaroga 10 mln so‘m berildi
Navoiy viloyati, Karmana tumanida bosqinchilik jinoyatini sodir etib, qidiruvda bo‘lgan o‘ta xavfli retsidivistni qo‘lga olinishida jonbozlik ko‘rsatgan fuqaroga 10 million so‘m pul mukofoti berildi. Bu haqda «Xabar.uz»ga Navoiy viloyati IIB axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Karmana tumanidagi «Kalovat» MFY hududida noma’lum shaxs kechki payt, taxminan, soat 23:30 larda oshxona pichog‘i bilan qurollangan holda hududdagi xonadonlardan biriga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan. Hovli egalarining biriga tan jarohati yetkazib, uni o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Va jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan tilla taqinchoqlarni bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, voqea joyidan qochib, yashiringan.
Mazkur voqeadan xabar topgan viloyat IIB xodimlari tomonidan darhol keng ko‘lamli tezkor-qidiruv tadbirlari boshlab yuborilgan va noma’lum shaxsning izlari o‘rganilgan. Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni 1969 yilda tug‘ilgan, muqaddam O‘zbekiston Repsublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish), 169-moddasi (O‘g‘rilik) sudlangan O‘.M. tomonidan sodir etilgani gumon qilingan. Gumonlanuvchiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Va bu haqda ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgan.

Ko‘p o‘tmay, Navbahor tumanilik 23 yoshli fuqaro Suhrob Muzaffarov Navoiy shahridan ishdan qaytayotganida, uni yo‘l chetida turgan bir notanish yo‘lovchi to‘xtatgan.
- Bir necha soatcha oldin ijtimoiy tarmoqlar orqali qidiruvda bo‘lgan shaxslarlarning suratlari bilan e’lon qilingan xabarni o‘qigandim. Va ularning aft va yuz tuzilishini aniq eslab qolgan ekanmanmi, yaxshiroq e’tibor bilan qarasam, men o‘zimga tegishli bo‘lgan avtomashinamda, aynan, o‘sha jinoyatchini olib ketayotganimni anglab yetdim. Mashinamni bahonada to‘xtatib, zudlik bilan ichki ishlar organlariga qo‘ng‘iroq qildim. Bu mening fuqarolik burchim edi,-deydi fuqaro Suhrob Muzaffarov.
Fuqaroning faol harakati bilan ichki ishlar organlari xodimlari zudlik bilan berilgan manzilga yetib kelishgan va qidiruvdagi shaxs qo‘lga olingan.
- Fuqaro Suhrob Muzaffarovning sergakligi va hushyorligi, voqea-hodisalarga befarq emasligi inobatga olinib, unga 10 million so‘m miqdorida pul mukofoti berildi. Jinoyatchiga nisbatan esa jazo choralarini qo‘llanilib, bosqinchilik yo‘li bilan orttirgan tillalari egasiga qaytarildi,-deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter