Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Elektron retsept» tizimi bosqichma-bosqich bekor qilinyaptimi?

«Elektron retsept» tizimi bosqichma-bosqich bekor qilinyaptimi?

SSVning «Elektron retsept» tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risidagi idoraviy buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.

Oqibatda mazkur hujjatning ijtimoiy tarmoq faollari orasida muhokamasi boshlanib ketdi. Ularning iddaosicha, hali bir yil ham (2025-yil 25-dekabrdagi 25 son buyruq bilan amaliyotga tatbiq qilingan) to‘lmagan «Elektron retsept» tizimi bekor qilinmoqda. Vaholanki, bu borada Hukumatning 2025-yil 8-sentyabrda 570-son qarori ham qabul qilingan.

Xo‘sh, aslida masala qanday?

Avvalo, mazkur hujjat loyihasi idoraviy buyruq bo‘lib, bu vazirlik, qo‘mita yoki boshqa davlat idorasi rahbari tomonidan chiqariladigan rasmiy hujjat hisoblanadi va u shu idora tizimida amal qiladigan qoidalar, tartiblar yoki topshiriqlarni belgilaydi. Ya’ni, o‘zidan yuqori turuvchi organ hujjatlarini bekor qila olmaydi.

Bu mazkur hujjat loyihasida ham ta’kidlanadi va, o‘z navbatida, buyruq loyihasi mazmuni tushuntiriladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2025-yil 15-dekabrdagi 25-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3725) 1-bandi va mazkur buyruq bilan tasdiqlangan «Elektron retsept» tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibi o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.

Qayd etilishicha, SSVning 25-son buyrug‘i bilan «Elektron retsept» tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tartibi tasdiqlangan edi. Mazkur tartib PF-88 son farmonga muvofiq - tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilgan Toshkent shahri hamda 15 ta tuman (shahar)lardagi tibbiyot tashkilotlarida qo‘llangan.

Hozirgi vaqtga kelib, tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilgan barcha tibbiyot tashkilotlarida «Elektron retsept» tizimi to‘liq joriy etilgan hamda 2025-yil 8-sentyabrdagi 570-son Hukumat qarori bilan elektron retsept asosida dori vositalarini tayinlashning yagona tartibi tasdiqlangan. Shu munosabat bilan, sog‘liqni saqlash vazirining 2025-yil 15-dekabrdagi 25-son buyrug‘i hamda u bilan tasdiqlangan tartib o‘zining amaliy va huquqiy ahamiyatini yo‘qotdi.

Shu bilan birga, idoraviy normativ-huquqiy hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori o‘rtasida mavjud ziddiyat (kolliziya)larni bartaraf etish, huquqiy bo‘shliqni tugatish hamda yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash zarurati mavjud.

Loyihaning asosiy maqsadi — vazirlikning 25-son buyrug‘ini Hukumatning 570-son qaroriga muvofiqlashtirish, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni (kolliziyalarni) bartaraf etish hamda elektron retsept tizimining samarali va uzluksiz faoliyat ko‘rsatishi uchun barqaror huquqiy asos yaratishdir.

Ushbu hujjat loyihasi bilan tizimdagi huquqiy bo‘shliq tugatilishi va elektron retsept asosida dori vositalarini tayinlash masalalari bo‘yicha yagona huquqni qo‘llash amaliyoti ta’minlanishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, tibbiyot tashkilotlari, dorixonalar va fuqarolar o‘rtasida huquqiy normalarni turlicha sharhlash va talqin qilish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarning oldi olinadi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring