Buyuk Britaniyadan boburiylarga tegishli bo‘lgan olmosni qaytarish so‘raldi
Nyu-York meri ingliz qiroli bilan.
Nyu-York shahri hokimi Zohran Mamdani Buyuk Britaniya qiroli Charlz (Karl) III dan mashhur «Ko‘hinur» olmosini Hindistonga qaytarishni so‘radi. Bu haqda u qirol bilan uchrashuv arafasida o‘tkazgan matbuot anjumanida gapirgan.
«Agar menda qirol bilan tadbirdan alohida gaplashish imkoni bo‘lsa edi, undan «Ko‘hinur» olmosini (Hindistonga) qaytarishni so‘ragan bo‘lar edim», — degan tomirida hind qoni oqayotgan Zohran Mamdani.
Buyuk Britaniya qiroli Karl III joriy yil 27-30-aprel kunlari davlat tashrifi bilan AQShda mehmon bo‘ldi.
Zohran Mamdani ingliz monarxi bilan 11-sentyabr terakti qurbonlarini xotirlash marosimida ko‘rishgan. U uchrashuvda qirolga «Ko‘hinur» borasida gap ochgan yoki ochmagani ma’lum emas. Mamdanining matbuot xizmati ham, Bukingem saroyi ma’muriyati ham uchrashuv tafsilotlarini ochiqlamagan.
«Ko‘hinur» (lug‘aviy ma’nosi — «Nur tog‘i») tarixdagi eng mashhur va qo‘lma-qo‘l bo‘lgan qimmatbaho toshlardan biridir.
Olmos dastlab Hindiston hududidagi Golkonda sultonligidagi kondan olingani aytiladi. O‘sha vaqtda uning hajmi 186 karat bo‘lgan. Qimmatbaho javohir asrlar mobaynida turli sulolalar orasida talash bo‘lgan.
E’tiborga molik jihati, «Ko‘hinur» bir necha asr mobaynida Zahiriddin Muhammad Bobur asos solgan Boburiylar davlati ixtiyorida bo‘lgan.
Tarixdan ma’lumki, Boburning o‘g‘li Humoyun Mirzo hind rojasining qizini qutqargani uchun yosh rojaning onasi unga «Ko‘hinur»ni hadya qilgan.
Bobur o‘z xotiralari — «Boburnoma» asarida ushbu olmosni eslab, bir muqayyim (qiymat belgilovchi) uning narxini butun dunyoning ikki yarim kunlik sarf-xarajatiga teng deb baholaganini yozadi.
«Ko‘hinur» keyinroq Eron, Afg‘oniston hukmdorlari qo‘liga o‘tadi. XIX asrda Hindiston aslzodalariga qaytgan olmos 1849-yilda jazo bitimiga muvofiq Britaniya imperiyasi tasarrufiga o‘tadi.
Keyinchalik qayta ishlangan va kattaligi 105 karatga qisqargan «Ko‘hinur» ayni paytda ona qirolicha nomi bilan tanilgan Yelizavetaning volidasi uchun yasalgan tojni bezab turibdi. 1953-yilda ona qirolicha qizi Yelizavetaga toj kiydirish marosimida «Ko‘hinur» qadalgan tojni kiygan.
«Ko‘hinur» (o‘ngda) ingliz tojini bezab turibdi.
Foto: Tim Graham Photo Library
2023-yil 6-may kuni qirolicha Kamillaga toj kiydirish marosimida Hindiston bilan diplomatik ziddiyat chiqmasligi uchun «ko‘hinur»li toj emas, balki qirolicha Mariyaning tojidan foydalanilgan.
Hindiston Buyuk Britaniyadan mustamlakachilik davri talonchilik ramzi bo‘lgan olmosni qaytarishni talab qilib kelmoqda.
2013-yilda Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Devid Kemeron olmosni qaytarish oqilona ish emasligini aytgan.
Eron, Afg‘oniston, Pokiston davlatlari ham olmosga egalik da’vo qilgani va Londondan uni qaytarishni talab qilgani ma’lum.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter