Sog‘liqni saqlash tizimida yangi bosqich: xususiy sektor va sifat nazorati kuchaytiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda mamlakatda xususiy tibbiyot jadal rivojlandi. 2016-yilda 3,2 mingta bo‘lgan xususiy klinikalar soni 2026-yilga kelib 8,7 mingtaga yetishi kutilmoqda. Xususiy sektordagi yo‘nalishlar 39 tadan 116 tagacha, koyka o‘rinlari esa 16 mingdan 57 mingtagacha oshdi. Natijada umumiy koyka fondida xususiy sektor ulushi 12 foizdan 31 foizgacha o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Shu bilan birga, sohadagi ayrim muammolar ham qayd etildi. Xususan, tibbiy xizmatlar sifati ustidan nazorat yetarli emasligi, litsenziyalash talablari zamon talablariga mos kelmasligi, xususiy klinikalar haqida yagona elektron ma’lumot bazasi shakllanmagani va investitsiya loyihalari bilan ishlash tizimi yetarli emasligi ta’kidlandi.
Yangi yondashuvlarga ko‘ra, tibbiy faoliyatni litsenziyalash jarayonlari markazlashtirilib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab talablar kuchaytiriladi. 48 ta litsenziya talabidan 14 tasi qayta ko‘rib chiqiladi. Bunda qoidabuzarlik aniqlangan taqdirda butun klinika faoliyatini to‘xtatish o‘rniga, faqat tegishli yo‘nalish bo‘yicha cheklov qo‘llash amaliyoti joriy etiladi.
Shuningdek, tibbiyot muassasalari faoliyati ustidan nazorat elektron tizim orqali masofadan turib amalga oshiriladi. Akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy klinikalarga transplantatsiya amaliyotlarini o‘tkazishga ruxsat berilishi, budjet mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratilishi rejalashtirilmoqda.
2028-yildan boshlab akkreditatsiyadan o‘tmagan muassasalar bilan tibbiy xizmatlar bo‘yicha shartnomalar tuzilmaydi. 2030-yilga qadar esa barcha davlat tibbiyot muassasalari bosqichma-bosqich majburiy litsenziyadan o‘tkaziladi.
Xususiy tibbiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 200 million dollarlik imtiyozli kredit resurslari ajratish, olis hududlarda klinikalar tashkil etish uchun moliyaviy yordam ko‘rsatish, xorijiy mutaxassislar uchun soliq imtiyozlari joriy etish taklif qilindi.
Investitsiyalarni jalb qilishni kuchaytirish maqsadida Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligini tashkil etish, “yagona darcha” tamoyili asosida investorlar bilan ishlash hamda “Health Invest” kompaniyasini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.
Davlat rahbari ushbu takliflarni ma’qullab, mutasaddilarga tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter