Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mirziyoyev va Babish muzokaralari: O‘zbekiston–Chexiya munosabatlarida yangi bosqich

Mirziyoyev va Babish muzokaralari: O‘zbekiston–Chexiya munosabatlarida yangi bosqich

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish o‘rtasida tor doirada hamda ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Davlat rahbari ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlar tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini ta’kidladi.

Tomonlar barcha sohalarda hamkorlik jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi. Hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasidagi aloqalar mustahkamlanib, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashgan. Parlamentlarda «Do‘stlik guruhlari» tashkil etilgani, Hukumatlararo komissiya samarali ishlayotgani ham alohida ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb ikki barobarga oshgan. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 37 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. Yangi kooperatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Muzokaralarda o‘zaro savdo hajmini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tovar ayirboshlashni mahsulot turlarini diversifikatsiya qilish orqali 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash filialini tashkil etish rejasi ma’lum qilindi. Chexiyalik hamkorlar bilan «Yevro-6» standartidagi avtomobillarni sertifikatlash va kvant etaloni bo‘yicha zamonaviy laboratoriya qurish ishlari olib borilmoqda.

Tomonlar mashinasozlik, «yashil» energiya, geologiya va muhim xomashyo, kimyo, farmatsevtika kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni o‘z ichiga olgan Texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqishga kelishib oldi.

Infratuzilmani rivojlantirish, «aqlli» shaharlar barpo etish, muhandislik va raqamlashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi. O‘zbekiston–Chexiya biznes forumida e’lon qilingan loyihaviy tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

Shu bilan birga, Eksport kreditlarini sug‘urtalash agentligi va Chexiya Eksport banki tomonidan O‘zbekistondagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash niyati yuqori baholandi.

Iqtisodiy hamkorlikni tizimli rivojlantirish maqsadida Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini joriy yil avgust oyida Toshkentda o‘tkazish taklif qilindi.

Madaniy-gumanitar sohada ham hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Jumladan, ta’lim sohasida qo‘shma diplom dasturlari va akademik almashinuvni kengaytirish, madaniyat va kino kunlari, ko‘rgazma va konsertlarni muntazam o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni qayta tiklash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, tartibli mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunida qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilishiga kelishib olindi. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring