Qurollanish uchun eng ko‘p pul sarflayotgan uch davlat
Craig Stephens chizgan rasm.
2025-yilda jahon davlatlari qurol-aslaha uchun 2 trillion 887 milliard dollar miqdorida mablag‘ sarfladi. Bu 2024-yilga nisbatan 2,9 foiz ko‘pdir.
Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) hisobotiga ko‘ra, AQSh, Xitoy va Rossiya harbiy xarajatlar borasida peshqadam bo‘lib turibdi. Jahon bo‘yicha jami xarajatlarning 51 foizi (1 trillion 480 milliard dollar) mazkur uch davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
«2025-yilda global miqyosda harbiy xarajatlar o‘sdi. Chunki davlatlar urush, mavhumlik va geosiyosiy miqyosdagi larzalarga qurollanishni kuchaytirish orqali javob bermoqda. Inqirozlar ko‘lami va ko‘plab davlatlarning maqsad-mo‘ljallari inobatga olinsa, 2026-yilda va undan keyin ham harbiy xarajatlar o‘sib boradi», – deydi Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti ilmiy xodimi Syao Lyan.
O‘tgan yili AQSh qurol-yarog‘ uchun 954 milliard dollar sarflagan. Bu 2024-yilga nisbatan 7,5 foiz kam ko‘rsatkich. Bu holat Qo‘shma Shtatlar o‘tgan yili Ukrainaga hech qanday harbiy ko‘mak ko‘rsatmagani bilan izohlanadi. Ammo Vashington G‘arbiy yarimsharda ustunlikni saqlash va Hind-Tinch okeani mintaqasida Xitoyni jilovlash uchun yadro va boshqa qurollarga sarmoyani ko‘paytirgan.
2026-yilda AQSh qurol-aslaha uchun 1 trillion, 2027-yilda esa 1,5 trillion dollar sarflashi kutilmoqda.
O‘tgan yili Yevropada ham mudofaa jabhasida keskin o‘sish kuzatildi: Yevropa davlatlari harbiy xarajatlarni 864 milliard dollarga yetkazdi.
O‘zaro urushayotgan ikki davlat – Rossiya va Ukraina 190 milliard va 84,1 milliard dollardan sarflagan.
Qurolli ziddiyat va mintaqaviy raqobatga qaramay, Yaqin Sharqdagi harbiy xarajatlar nisbatan barqaror holda. Mintaqa davlatlari mazkur maqsadda 218 milliard dollar xarjladi. Jumladan, qurol-aslaha uchun Isroil 48,3 milliard, Turkiya 30 milliard, Eron esa 7,4 milliard dollar sarfladi.
Osiyo va Okeaniyada harbiy xarajatlarning keskin o‘sishi qayd etildi. Jumladan, Xitoy bu boradagi budjetini 7,4 foizga oshirdi va 336 milliard dollarga yetkazdi.
Yaponiya 1958-yildan buyon ilk bor YaIMning 1,4 foizi miqdoridagi mablag‘ni (62,2 milliard dollar) harbiy jabhaga yo‘naltirdi.
So‘nggi yillarda harbiy xarajatlarning muttasil o‘sishi qayd etilmoqda.
Avvalroq ekspertlar AQSh va Rossiya o‘rtasida imzolangan Strategik hujum qurollarini cheklash va qisqartirish to‘g‘risidagi shartnoma muddati yakunlanishi ortidan «sovuq urush» davridan keyin ilk bor yadro quroli bo‘yicha chegarasiz poyga avj olishidan ogohlantirgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter