AQSh ortidan Germaniya ham Ukraina tajribasini o‘rganmoqchi
Germaniya Ukrainadan harbiy jabhada dronlardan samarali foydalanish usullarini o‘rganmoqchi. Bu haqda Germaniya mudofaa vazirligining Ukraina masalalari bo‘yicha maxsus shtabi rahbari, general Yoaxim Kashke ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Ukraina Rossiya bilan urush mobaynida ommaviy zarbalarni dronlar yordamida qaytarish borasida katta yutuqlarga erishmoqda. Yaqin Sharqda davom etayotgan urushda AQSh va uning arab ittifoqchilari Eron raketa va dronlarini qaytarish uchun qimmat raketalardan foydalanayotgan bo‘lsa, Ukraina qo‘llayotgan usul samaradorligi va kamxarjligi bilan ajralib turadi.
«Mohiyat e’tiboriga ko‘ra, Ukraina raqibini son emas, sifat bilan mag‘lub etmoqda. O‘ylaymanki, biz bu jihatdan ulardan o‘rganishimiz kerak... Ukrainaliklar vaziyatga ijodiy ravishda moslashib, uchuvchisiz parvoz qiladigan qurilmalardan foydalanish orqali raqibning son jihatdan ustunligiga chek qo‘ydi», – deydi general Yoaxim Kashke.
Qayd etilishicha, Germaniya Ukrainadan quruqlikdagi hujumlarda logistika, tibbiy evakuatsiya kabi maqsadlarda uchuvchisiz transport tizimlari borasida ham tajriba o‘rganishi zarur.
Avval xabar berganimizdek, Yaqin Sharqdagi urush fonida ham to‘rt yil mobaynida Rossiyaga qarshi urushda toblangan Ukraina katta sahnaga chiqqan edi. Jumladan, AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiydan aynan Yaqin Sharqdagi harbiy bazalari va ittifoqchilarini Eron dronlaridan samarali himoya qilish borasida ko‘mak so‘ragan.
Ma’lumot o‘rnida: yaqinda Germaniyaning harbiy-mudofaa konsepsiyasi taqdim etildi. Unda mamlakat qurolli kuchlarini Yevropadagi eng kuchli doimiy armiyaga aylantirish maqsadi belgilangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter