Shaxsiy akkauntlar va identifikatsiya vositalarini boshqalarga noqonuniy berish uchun javobgarlik kuchaytiriladi
O‘zbekistonda identifikatsiya, kiberxavfsizlik va boshqa masalalarda qonunbuzilishi uchun javobgarlik kuchaytiriladi.
Qonunchilik palatasi deputatlari kiberxavfsizlikni ta’minlash va raqamli muhitda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Qonun loyihasi bilan bank kartalari, elektron va kripto-hamyonlar hamda ularni boshqarish imkonini beruvchi ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda boshqa shaxslarga berganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, SIM-kartalar, shaxsiy akkauntlar va identifikatsiya vositalarini boshqa shaxslarga noqonuniy berish yoki ulardan foydalanish holatlari uchun ham javobgarlik choralari kuchaytirilyapti.
Loyihada muhim axborot infratuzilmasi ob’yektlarida kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti. Bank va to‘lov tashkilotlarida axborot xavfsizligi talablariga rioya etilmagani sababli yuzaga kelgan zararni banklar va to‘lov tashkilotlari tomonidan qoplash mexanizmi joriy etilmoqda.
Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda. Tergov organlariga bank ma’lumotlarini taqdim etishning aniq muddatlarini belgilash hamda ushbu talablarni buzganlik uchun javobgarlik choralari qat’iylashtirish taklif etilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ayrim normalarini yanada takomillashtirish zarurligini ta’kidlab, bir qator taklif va mulohazalarni bildirdilar.
Qonun loyihasi konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qilindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter