Ruminiyada ayollarni o‘ldirganlik uchun umrbod qamoq jazosi belgilandi
Ruminiya prezidenti Nikushor Dan femitsidga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Endi mamlakat qonunchiligi ayolning qasddan o‘ldirilishini gender zo‘ravonligining alohida turi sifatida rasman tan oladi.
Oldin bu kabi jinoyatlar shafqatsiz qotillik moddasi bo‘yicha sud qilinar edi. Yangi me’yorlar 15 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosini belgilaydi.
«Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik — eng kamsituvchi va haqoratli harakatlardan biridir. Juda uzoq vaqt davomida tajovuzning bu turi yo e’tiborsiz qoldirildi yoki yetarlicha to‘xtatilmadi, bu esa fojiali oqibatlarga olib keldi», — deb yozdi Nikushor Dan.
Tashabbus mualliflari o‘zgarishlar zarurligini jinoyatchilik statistikasi bilan asoslashdi. 2025-yilning dastlabki sakkiz oyida mamlakatda oila ichidagi 33 ta qotillik qayd etilgan. 69 foiz holatlarda ayollar qurbon bo‘lishgan. O‘rtacha hisobda qarindoshlar har oyda uch nafar ayolni o‘ldirmoqda.
Qonun loyihasi 2025-yil oktyabr oyida parlamentga taqdim etilgan edi. Uni barcha siyosiy partiyalardan 270 dan ortiq deputat qo‘llab-quvvatladi. Huquq himoyachilarining fikricha, yangi termin politsiyaga jinoyat sodir etilguniga qadar maishiy zo‘ravonlik holatlariga samaraliroq aralashish imkonini beradi. Ushbu hujjatning qabul qilinishi bilan Ruminiya huquq tizimida femitsid tushunchasini mustahkamlagan Xorvatiya, Italiya, Belgiya, Kipr va Malta kabi Yevropa davlatlari qatoriga kirdi.
Femitsid — erkaklar tomonidan yoki patriarxal manfaatlar yo‘lida nafrat negizida sodir etiladigan ayol jinsiga mansub shaxslarning qasddan o‘ldirilishidir. Ko‘pincha ayollar uydagi zo‘ravonlik qurboni bo‘lishadi, qotilliklar esa davlatning beparvoligi oqibatida sodir bo‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter