Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Otaning ismini bolaga familiya qilib berish mumkin bo‘ladi

Otaning ismini bolaga familiya qilib berish mumkin bo‘ladi

Illyustrativ foto

Senatning 18-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi.

Qonun bilan Oila kodeksining 69-moddasiga otaning ismini bolaga familiya sifatida berish bo‘yicha o‘zgartirish kiritilmoqda.

Amalda bolaning familiyasi ota-onasining familiyasiga qarab belgilanadi. Ota yoki ona xohishiga ko‘ra, milliy an’analar asosida boboning ismi ham familiya sifatida berilishi mumkin.

Senatorlar otaning ismini bolaga familiya sifatida berish imkoniyatining qonunchilikda belgilab qo‘yilishi fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratishi, milliy va diniy an’analarga muvofiq xohish-istaklarini amalga oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shuningdek, «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi Qonunda «Biznesga litsenziyasiz kirish» maxsus rejimi yangi huquqiy institut sifatida mustahkamlanmoqda. Ushbu institutni qonunchilikka kiritish orqali kelgusida ayrim faoliyat turlari bilan uch oygacha litsenziya yoki ruxsatnomasiz shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi.

Buning natijasida tadbirkorlik subyektlari litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan, elektron tarzda vakolatli organni xabardor qilish orqali o‘z faoliyatini boshlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda ularga litsenziya yoki ruxsatnoma talablariga moslashish uchun qo‘shimcha vaqt, shuningdek, faoliyatini sinov tariqasida boshlab, uning iqtisodiy samaradorligini baholash imkoniyati beriladi.

Ushbu o‘zgarish tadbirkorlik faoliyatini boshlashni yengillashtirish, vaqt va xarajatlarni tejash hamda yangi biznes tashabbuslarini rag‘batlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, Qonun bilan «Arxiv ishi to‘g‘risida»gi Qonunga arxiv ishi sohasidagi vakolatli davlat organlarining vakolatlarini aniqlashtiruvchi, nodavlat va elektron arxivlarni tashkil etishga doir qoidalarni hamda arxiv hujjatlarini idoraviy arxivlarda vaqtincha saqlash muddatlarini belgilaydigan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring