Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Tergov alohida nazoratga olingan» – Bosh prokuratura inspektor o‘limiga sabab bo‘lgan YTH haqida

«Tergov alohida nazoratga olingan» – Bosh prokuratura inspektor o‘limiga sabab bo‘lgan YTH haqida

Bosh prokuratura Toshkent shahar Mirobod tumanida voyaga yetmagan shaxs tomonidan avtomashina bilan YPX inspektori urib yuborilganligi holati yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

Qayd etilishicha, ayni paytda joriy yilning 25-fevral kuni sodir etilgan qilmish yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dastlabki tergov davomida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, 2010-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan shaxs maktabning 10-sinf o‘quvchisi bo‘la turib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, o‘z tengdoshlari orasida «Instagram» va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini ko‘rsatish, turli xil chet elda ishlab chiqarilgan avtomashinalarni maqtanib namoyish qilish maqsadida avtomashina ovozini noqonuniy ravishda kuchaytirib, migalka va sirenalar o‘rnatgan holda bir necha marotaba jamoat xavfsizligiga qarshi huquqbuzarliklar sodir etib kelgan.

Muqaddam ham avtomashinani boshqarib, yo‘l-patrul xizmati xodimlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmaganligi uchun joriy yilning 9 yanvar kuni uning otasi sud qaroriga asosan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shunga qaramasdan, tegishli xulosa chiqarilmay, noqonuniy harakatlar davom ettirilgan.

Xususan, joriy yil 25-fevral kuni soat 21:30 larda tanishining opasiga tegishli bo‘lgan «BMW» rusumli avtomashina yuvish shaxobchasida qoldirilganligidan xabar topib, turargohda kaliti bilan qoldirilgan avtomashinani haydab ketib, olib qochgan.

Avtomashinani boshqarish davomida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, Mirobod tumani Nukus ko‘chasida harakatlanayotgan vaqtda piyodalar va boshqa harakat ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlash maqsadida transport oqimini to‘xtatish haqida jezl bilan ishora bergan Yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovning qonuniy talabiga bo‘ysunmagan.

Barcha transport vositalari to‘xtagan bo‘lishiga qaramasdan, haydovchilik guvohnomasi va avtomashina hujjatlariga ega bo‘lmagan voyaga yetmagan huquqbuzar javobgarlikdan qochish maqsadida oldi va yon tomonidagi avtomashinalarni keskin aylanib o‘tib, avariyaviy holat yuzaga keltirgan hamda xizmat vazifasini bajarayotgan Yo‘l-patrul xizmati xodimini avtomashinasi bilan urib, unga hayot uchun xavfli og‘ir tan jarohati yetkazgan holda harakatini davom ettirgan.

Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan barcha zarur tibbiy yordamga qaramasdan, 27-fevral kuni xodim vafot etdi. 

Dastlabki tergov harakatlari davomida to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, avtomashinani boshqargan voyaga yetmagan shaxsning harakatlarida transport vositasini olib qochish hamda jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish alomatlari mavjudligi aniqlangan. 

Shu munosabat bilan u Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida jalb etildi.

Hozirda gumon qilinuvchi voyaga yetmagan shaxs Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan.

Tergov harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilib, aybdor shaxsga nisbatan jazo muqarrarligi qat’iy ta’minlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring