AD Ports Group va HYT Capital O‘zbekistonni xalqaro savdo va logistika xabiga aylantirish maqsadida qo‘shma korxona tashkil etdi
Qo‘shma korxona eksport hajmini kengaytirish, logistika xarajatlarini kamaytirish hamda raqamli platforma va zamonaviy yuk infratuzilmasi asosida xalqaro transport yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratgan.
Toshkent, O‘zbekiston. AD Ports Group va HYT Capital O‘zbekiston korxonalarining eksport imkoniyatlarini kengaytirish, logistika xarajatlarini kamaytirish hamda mamlakatni mintaqaviy savdo va logistika xabiga aylantirish maqsadida qo‘shma korxona (JV) tashkil etdi. Uning ustuvor yo‘nalishlari milliy raqamli savdo platformasini ishlab chiqish, xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish hamda yuklarni birlashtirish, saqlash, qayta ishlash va taqsimlash infratuzilmasini yaratishdan iborat.
Qo‘shma korxona faoliyatining asosini eksport va import yuk tashuvlarini muvofiqlashtirilgan holda tashkil etish tashkil qiladi. Ichki logistika markazlari yuklarni tayyorlash va qayta ishlashni, xalqaro yo‘nalishlar dengiz portlari va sotuv bozorlariga chiqishni, raqamli platforma esa ishtirokchilar faoliyatini muvofiqlashtirish, hujjatlar almashinuvi va yuklar harakatining shaffofligini ta’minlashi kerak. Bunday model tashqi savdoning umumiy xarajatlarini kamaytirish va yetkazib berish ishonchliligini oshirishga qaratilgan.
Faruk Al Zeyer, AD Ports Group logistika klasteri raisi:
«O‘zbekiston Markaziy Osiyoning savdo oqimlarini xalqaro bozorlar bilan bog‘lovchi muhim markazga aylanish salohiyatiga ega. HYT Capital bilan hamkorlikda portlar, logistika va raqamli xizmatlarni rivojlantirish borasidagi tajribamizni yagona yetkazib berish tizimini shakllantirishga yo‘naltirish imkoniyatini ko‘rmoqdamiz. Ichki terminallar, transport koridorlari va dengiz yo‘nalishlarini o‘zaro bog‘lash biznes uchun imkoniyatlarni kengaytirish, yuk tashish ishonchliligini oshirish va savdoning barqaror o‘sishi uchun sharoit yaratishga xizmat qiladi».
Tashqi savdo uchun raqamli platforma
Raqamli platforma eksportyorlar, importyorlar, tashuvchilar, terminallar va davlat xizmatlarini yagona hamkorlik muhitida birlashtirishga qaratilgan. Uning konsepsiyasi elektron hujjat aylanishi, yuk tashuvlarini tashkil etish, yuklarning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar almashinuvi va tovar oqimlari tahlilini nazarda tutadi. Bu biznes uchun hujjatlarni tayyorlash va yo‘nalishni tanlashdan tortib, yukni qabul qiluvchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda jarayonlarni soddalashtirishi kerak.

Amaldagi davlat axborot tizimlarini, jumladan, «Yagona darcha» xizmatlarini tijorat savdo va logistika yechimlari bilan integratsiya qilish rejalashtirilmoqda. Bunday integratsiyaning asosiy vazifasi ma’lumotlarni takroran kiritish zaruratini kamaytirish, axborot almashinuvini tezlashtirish va jarayonlarning oldindan prognoz qilinishini yaxshilashdan iborat. Platformani ishlab chiqishda tijorat ma’lumotlarini himoya qilish, foydalanish huquqlarini chegaralash va ma’lumotlar ustidan milliy nazoratni saqlash asosiy tamoyillar bo‘ladi.
Savdo va transport oqimlari tahlili tirbandlik yuzaga keladigan uchastkalarni aniqlash, terminal quvvatlariga bo‘lgan talabni baholash va infratuzilmani rivojlantirishni rejalashtirishga yordam beradi. Bu investitsiya loyihalarini tayyorlash va baholash uchun yanada aniq aso yaratadi.
Xalqaro transport koridorlari va xab infratuzilmasi
Transport yo‘nalishlari O‘zbekistonni Xitoy, Markaziy Osiyo, Yevropa, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bilan bog‘laydigan yo‘nalishlarni qamrab oladi. Ustuvor geografik yo‘nalishlar qatoriga Yevropa tomon O‘rta koridorga chiqish, Afg‘oniston orqali Pokiston portlari va Hind okeaniga olib boruvchi janubiy yo‘nalishlar, shuningdek, BAA infratuzilmasi orqali Fors ko‘rfazi mamlakatlari bozorlariga chiqish kiradi. Bir nechta transport yo‘nalishlarini rivojlantirish yuk egalari uchun tanlov imkoniyatlarini kengaytirish va yetkazib berish barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan.
Amaliy ustuvor vazifalar avtomobil, temiryo‘l va dengiz transporti bosqichlarini muvofiqlashtirish, jo‘natmalar muntazamligini oshirish hamda yetkazib berish qiymatining shaffofligini ta’minlashdan iborat. Bu O‘zbekistonga mintaqaviy yuk oqimlarini jalb qilish va ularni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha taqsimlash uchun aso yaratadi.
Quruq portlar, yuk terminallari, ombor majmualari va multimodal markazlar ushbu tizimning moddiy infratuzilmasiga aylanishi kerak. Ularning vazifalariga eksport yuklarini birlashtirish, tovarlarni saqlash va qayta ishlash, saralash, qadoqlash hamda transport turlari o‘rtasida yuklarni qayta ortish kiradi. Bunday xizmatlarni rivojlantirish O‘zbekiston ichida qo‘shilgan qiymat yaratish va logistika markazlari atrofida mahalliy biznes uchun yangi imkoniyatlarni shakllantirishga yordam beradi.
O‘zbekiston uchun iqtisodiy imkoniyatlar
O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun ushbu tashabbus yanada qulay va prognoz qilinadigan yetkazib berish imkoniyatlari orqali eksport salohiyatini kengaytirish va mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan. Eksport va import yuk oqimlarini muvofiqlashtirish transport xarajatlarini kamaytirish hamda muqobil yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam yuk jo‘natmalarini ta’minlashga xizmat qiladi. Importyorlar va sanoat korxonalari uchun esa xomashyo, butlovchi qismlar va uskunalar bilan barqaror ta’minot ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Mamlakat iqtisodiyoti uchun kutilayotgan samara logistika xizmatlari eksportining o‘sishi, tranzit yuklarini jalb qilish va infratuzilmaga investitsiyalar kiritish bilan bog‘liq. Saqlash, qayta ishlash, ekspeditorlik va savdoni raqamli kuzatib borish xizmatlarini rivojlantirish mamlakat ichida qo‘shilgan qiymat yaratish, malakali ish o‘rinlarini tashkil etish va soliq bazasini kengaytirish imkonini beradi. Bu, shuningdek, O‘zbekiston korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlaridagi ishtirokini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dilmurodxon Baxtiyorxonov, HYT Capital Kuzatuv kengashi raisi:
«Bizning maqsadimiz — O‘zbekiston mahsulotlarini xorijiy bozorlarga yetkazib berish xarajatlarini kamaytirish va mahalliy korxonalar uchun eksportni yanada qulay qilish. Kiruvchi va chiquvchi yuk oqimlarini muvofiqlashtirish transport vositalarining har ikki yo‘nalishda ham to‘liq yuklanishini ta’minlash, bo‘sh qatnovlarni qisqartirish va logistika xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan. Bizning vazifamiz — muqobil koridorlar bo‘ylab muntazam yuk tashuvlarini yo‘lga qo‘yish va ularni O‘zbekiston markaziy o‘rinni egallaydigan yagona savdo hamda yuk taqsimoti tarmog‘iga birlashtirish.
Raqamli platforma eksportorlar, importorlar, tashuvchilar va terminallarni birlashtirib, elektron hujjat aylanishi, yuklarni kuzatish va transport jarayonlarini muvofiqlashtirish imkonini berishi kerak. Bu rasmiylashtirish vaqti va bekor turishlarni qisqartirish, yetkazib berish qiymatining shaffofligini oshirish hamda logistika xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi. Ishlab chiqaruvchilar uchun bu xorijiy xaridorlarga yanada raqobatbardosh narxlarni taklif qilish, sotuv geografiyasini kengaytirish va eksport tushumini oshirish imkoniyatini anglatadi».
Xalqaro logistika aloqalari, ichki yuk infratuzilmasi va raqamli xizmatlarni birlashtirish orqali AD Ports Group va HYT Capital O‘zbekiston tashqi savdosining o‘sishi zarur sharoitlarni yaratishni maqsad qilgan. Qo‘shma korxonaning strategik maqsadi — mamlakatning mintaqaviy markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlash, bu yerda savdo aloqalarini shakllantirish, yuklarni qayta ishlash va taqsimlash hamda xalqaro biznes uchun zamonaviy xizmatlarni rivojlantirishdan iborat.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter