Kreditga doir reklamalar uchun yangi talablar kuchga kiradi
Prezident tomonidan 2026-yil 10-noyabrda imzolangan O‘RQ–1187-sonli Qonun bilan «Reklama to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Hujjatga muvofiq, kredit, shu jumladan, mikrokarz reklamalarida qarz majburiyatlarini bajarmaslik moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida ogohlantirish bo‘lishi kerak.
Muhimi, ushbu ogohlantirish reklama asosiy maydoni va vaqtining kamida 10 foizini tashkil etishi shart.
Ya’ni banklar va boshqa kredit tashkilotlari kredit mahsulotlarini reklama qilishda faqat ularning qulay shartlari va afzalliklarini emas, balki qarzni o‘z vaqtida qaytarmaslik bilan bog‘liq moliyaviy xavflarni ham iste’molchilar e’tiboriga yetkazishi lozim.
Yangi talab aholining, jumladan, tadbirkorlarning kredit bilan bog‘liq moliyaviy xatarlar haqidagi xabardorligini oshirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi. Biroq kredit reklamalariga oid mazkur talab qonun kuchga kirganidan uch oy o‘tgach amalga kiritiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter