Eng ko‘p soliq to‘lagan qurilish kompaniyalari ma’lum qilindi
2026-yilning I choragida O‘zbekistonda qurilish sohasida faoliyat yurituvchi 31 687 ta yuridik shaxs tomonidan davlat budjetiga 2,6 trln so‘mdan ortiq soliq to‘landi.
Jami tushumning 494,9 mlrd so‘mi, ya’ni 18,6 foizi 20 ta yirik korxona hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu korxonalarning umumiy tovar aylanmasi 6,7 trln so‘mdan oshgan. Shuningdek, mazkur kompaniyalar tomonidan 9,2 mlrd so‘mlik soliq imtiyozlari qo‘llanilgani qayd etilgan.
Eng ko‘p soliq to‘lagan kompaniyalar orasida «DISCOVER INVEST» MChJ yetakchilik qildi. U tomonidan 103,9 mlrd so‘m soliq to‘langan. Ikkinchi o‘rinni «UET CONSTRUCTION» MChJ egallab, 52,6 mlrd so‘m to‘lov amalga oshirgan.
Keyingi o‘rinlarda «KOC CONSTRUCTION MEKANIK ELEKTRIK» MChJ XK — 33,6 mlrd so‘m va «O‘ZSHAHAR QURILISH INVEST» MChJ — 33,2 mlrd so‘m bilan qayd etildi. Beshinchi o‘rinda «COLD STEP INVEST» MChJ bo‘lib, u 30,9 mlrd so‘m soliq to‘lagan.
Yirik qurilish kompaniyalari tomonidan to‘langan soliqlar tarkibida qo‘shilgan qiymat solig‘i ustunlik qildi. Ushbu tur bo‘yicha tushum 220,8 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Foyda solig‘i 106,4 mlrd so‘m, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 78,1 mlrd so‘m bo‘ldi. Shuningdek, ijtimoiy soliq 77,6 mlrd so‘m, boshqa soliqlar 12 mlrd so‘mni tashkil etgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter