Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zmilliybank» AJ hamda «Bank of China» 1 mlrd. yuan miqdoridagi moliyalashtirishni tashkillashtirish to‘g‘risida kelishuv imzoladilar

«O‘zmilliybank» AJ hamda «Bank of China» 1 mlrd. yuan miqdoridagi moliyalashtirishni tashkillashtirish to‘g‘risida kelishuv imzoladilar

2026 yil 6 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov boshchiligidagi delegatsiyaning Gonkong maxsus ma’muriy hududiga rasmiy tashrifi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (“O‘zmilliybank” AJ) va “Bank of China” o‘rtasida 1 mlrd. yuan (145 mln. AQSh doll. ekv.) miqdoridagi sindikatlashgan moliyalashtirishni tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzolandi.

Imzolash marosimi davlat organlari, moliya institutlari hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarini birlashtirgan Gonkong shahridagi birinchi O‘zbekiston–Xitoy iqtisodiy forumi doirasida bo‘lib o‘tdi.

“O‘zmilliybank” AJ “Bank of China”dan xitoy yuanida kredit liniyasi jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan O‘zbekistondagi birinchi tijorat banki bo‘ldi.

Erishilgan kelishuvlar transchegaraviy moliyalashtirishda xitoy yuanidan foydalanishga bo‘lgan yuqori qiziqishni aks ettirib, “O‘zmilliybank” AJning muqobil likvidlik manbalari bilan ishlashdagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.

Bu bank uchun Xitoy milliy valyutasidagi moliyalashtirish manbalarini kengaytirish, shuningdek investitsiya va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish instrumentlarini yanada rivojlantirish imkonini yaratadi.

“O‘zmilliybank” AJ Xitoy moliya institutlari bilan hamkorlikni izchil ravishda kengaytirib bormoqda.

Bugungi kunda bank tomonidan Xitoy Xalq Respublikasidagi hamkorlardan Xitoy milliy valyutasida jalb qilingan kredit liniyalarining umumiy hajmi 11,5 mlrd.dan (1,6 mlrd. AQSh doll. ekv.) oshdi. Bu esa yuandagi operatsiyalarni kengaytirish hamda loyihalarni moliyalashtirishda muqobil valyutalar rolini oshirish uchun mustahkam asos yaratmoqda.

Mazkur kelishuv O‘zbekiston Respublikasi hamda Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik izchil chuqurlashib borayotgan bir sharoitda imzolanmoqda. Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkori bo‘lib qolmoqda. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, ikki tomonlama savdo aylanma hajmi 34 foizga o‘sib, 17 mlrd AQSh dollaridan oshdi.

Tomonlar yaqin istiqbolda savdo aylanmasini 20 mlrd AQSh dollariga yetkazishni maqsad qilgan bo‘lib, investitsiyaviy hamkorlik ham barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. Xususan, 2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmi 15,8 mlrd. AQSh doll.ni tashkil etdi.

Shuningdek, mazkur kelishuv, 2026 yil uchun mo‘ljallangan Davlat investitsiya dasturi doirasida bank oldiga qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlaydi. Unga muvofiq, “O‘zmilliybank” AJga xalqaro moliya institutlaridan jami 1,5 mlrd AQSh dollari ekvivalentida moliyalashtirish jalb qilish vazifasi topshirilgan. Shu nuqtayi nazardan, Bank of China bilan hamkorlik moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilishning asosiy vositalaridan biri hisoblanadi.

Bank of China bilan mazkur kelishuvning imzolanishi dunyoning eng yirik moliya institutlaridan biri tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga bildirilgan yuqori ishonchning yana bir amaliy ifodasi hisoblanadi.

Makroiqtisodiy siyosatning barqarorligiga qo‘shimcha tasdiq sifatida 2025 yilda xalqaro reyting agentliklari — Fitch Ratings va S&P Global Ratings tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reytingi “BB-” darajasidan “BB” darajasiga oshirildi. Shuningdek, “O‘zmilliybank”ning kredit reytingi ham suveren darajagacha ko‘tarildi. Bu bankning barqaror moliyaviy holati hamda xalqaro investorlar tomonidan unga bo‘lgan yuqori ishonchni aks ettiradi.

Ma’lumot uchun:

  1. “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatning eng yirik tizimli ahamiyatga ega banki hisoblanadi.

    2025 yil yakunlariga ko‘ra, bank aktivlari 12 mlrd. AQSh doll.dan oshdi, kredit portfeli 9,0 mlrd. AQSh doll.ga yetdi, kapital hajmi 1,6 mlrd. AQSh doll.dan oshdi, sof foyda esa 160 mln. AQSh doll.ni tashkil qildi. Bu respublika bank tizimidagi eng yuqori ko‘rsatkichlari hisoblanadi.

  2. Bank of China 1912 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning eng qadimiy banklaridan biri hamda xalqaro bank tizimining muhim ishtirokchisi hisoblanadi.

    Bank davlat tijorat moliya instituti sifatida faoliyat yuritib, dunyoning 60 ta mamlakatida 500 dan ortiq bo‘linmalardan iborat keng global tarmoqqa ega. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, bankning jami aktivlari 5,4 trln. AQSh doll.ni, kapitali 450,6 mlrd. AQSh doll.ni, sof foydasi esa 36,2 mlrd. AQSh doll.ni tashkil etgan.
Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring