«Keng ko‘lamli epidemiya belgilari yo‘q, ammo vaziyat o‘zgarishi mumkin» — JSST xantavirus haqida
12-may holatiga ko‘ra, dunyoda xantavirus bilan bog‘liq 11 ta kasallanish holati qayd etilgan bo‘lib, ulardan uchtasi o‘lim bilan yakunlangan. Barcha holatlar «MV Hondius» kemasi yo‘lovchilari va ekipaji a’zolari orasida aniqlangan.
Ayni paytda keng ko‘lamli epidemiya xavfi belgilari kuzatilmayapti, ammo vaziyat o‘zgarishi mumkin. Bu haqda seshanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus ma’lum qildi.
Uning aytishicha, 11 holatdan to‘qqiztasida odamdan odamga yuqadigan Andes virusi (xantavirus turi) tasdiqlangan, yana ikkitasi ehtimoliy holat sifatida baholanmoqda.
«So‘nggi bir hafta ichida bu raqamlar bir necha davlatlar hukumatlari va hamkor tashkilotlar sa’y-harakatlari tufayli deyarli o‘zgarmadi», — dedi JSST rahbari. Uning ta’kidlashicha, tashkilot 2-may kuni kasallanganlar guruhi haqida birinchi marta ma’lumot olganidan beri yangi o‘lim holatlari qayd etilmagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tasdiqlangan yoki gumon qilingan infeksiyaga chalingan barcha bemorlar izolyasiya qilingan va qat’iy tibbiy kuzatuv ostida saqlanmoqda.
«Bu infeksiyaning keyingi tarqalish xavfini minimal darajaga tushiradi», — dedi u.
Shu bilan birga, JSST rahbari virusning inkubatsiya davri uzoq ekanini eslatib, yaqin haftalarda yangi holatlar aniqlanishi mumkinligidan ogohlantirdi. Uning aytishicha, kema yo‘lovchilari qaytgan har bir davlat ularning salomatligini nazorat qilish uchun mas’ul hisoblanadi.
Yakshanba va dushanba kunlari «MV Hondius» kruiz layneri yo‘lovchilari va ekipaji Tenerifda qirg‘oqqa tushirildi. Operatsiya Ispaniya sog‘liqni saqlash organlari va JSST vakillari, jumladan tashkilot rahbari nazorati ostida amalga oshirildi. Ekipajning taxminan 30 nafar a’zosi kema bortida qolib, tibbiy guruh hamrohligida Niderlandiyaga qaytgan.
«JSSTga virus yuqishiga mos keluvchi simptomlarga ega kam sonli bemorlar haqida xabarlar ma’lum», — dedi Tedros. Uning aytishicha, tashkilot har bir xabarni tegishli davlatlar bilan hamkorlikda tekshirmoqda.
JSST bunday shaxslarni maxsus karantin muassasasida yoki uy sharoitida virus bilan so‘nggi ehtimoliy aloqadan keyin 42 kun davomida kuzatishni tavsiya qilmoqda. So‘nggi ehtimoliy kontakt sanasi 10-may deb hisoblanadi, shu sababli kuzatuv muddati 21-iyungacha davom etadi.
Simptomlar paydo bo‘lgan har qanday inson zudlik bilan izolyasiya qilinishi va davolanishi kerak. JSST rahbari tashkilot ushbu vaziyatga jalb qilingan davlatlar bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishini ta’kidladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter