O‘zbekiston qaysi davlatlarga gilam eksport qilmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekiston 8 ta xorijiy davlatga 2,1 million AQSh dollari qiymatidagi 846,7 ming kvadrat metr gilam eksport qildi.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 159,7 ming kvadrat metrga yoki 23,2 foizga ko‘paygan. Statistik ma’lumotlar mamlakatning gilamchilik mahsulotlariga tashqi bozorlarda talab ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Eksport geografiyasida mintaqa davlatlari yetakchilik qilmoqda. Yetkazib berilgan mahsulotlarning asosiy qismi Ozarbayjon, Qirg‘iz Respublikasi va Afg‘oniston bozorlariga to‘g‘ri kelgan.
Hisobot davrida O‘zbekiston gilamlarining eng yirik xaridori Ozarbayjon bo‘ldi. Mazkur davlatga 388 ming kvadrat metr gilam eksport qilingan.
Ikkinchi o‘rinda Qirg‘iz Respublikasi qayd etilib, ushbu mamlakatga 206,6 ming kvadrat metr mahsulot yetkazib berilgan. Afg‘oniston esa 183,4 ming kvadrat metr bilan uchinchi yirik eksport bozori sifatida qayd etilgan.
Shuningdek, Rossiyaga 24,5 ming kvadrat metr gilam eksport qilingan. Qolgan 44,3 ming kvadrat metr mahsulot boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter