O‘zbekistonda «voyenkomat»lar tugatiladimi? — vazirlik izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda «voyenkomat»lar bosqichma-bosqich tugatilishi haqida xabarlar tarqaldi. Mudofaa vazirligi ushbu xabarlarga izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 8 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev mudofaa vazirining taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimot davomida davlat rahbariga mudofaa ishlari organi faoliyatini raqamlashtirish va elektron hukumat tizimi bilan integratsiya qilish, ma’lumotlarni tezkor almashish hamda fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatishga oid takliflar bo‘yicha ham axborot berildi.
Bu islohotlar mudofaa ishlari organlari faoliyatiga nol byurokratiya tamoyilini joriy qilish maqsadida harbiy hisobga olish, tibbiy va chaqiruv komissiyalarini raqamlashtirishga xizmat qiladi.
Unga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan va ID karta olgan o‘g‘il bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining axborot tizimidan olinib, ularni avtomatik tarzda harbiy hisobga qo‘yish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, mudofaa ishlari bo‘limlarida tibbiy komissiyadan o‘tish tartibi bekor qilinib, barcha tibbiy ko‘rik tadbirlarini tuman va shahar markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarida amalga oshirish reja qilinmoqda.
Vazirlikning ta’kidlashicha, mudofaa ishlari organlari faoliyati tugatiladi, degan xabarlar haqiqatga zid. Aksincha, soha zamon talablariga mos ravishda yanada takomillashtirilib, unga ko‘ra shaffof raqamli xizmatlar ko‘rsatiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter