O‘zbekistonda o‘rtacha oylik maosh 6,8 mln so‘mdan oshgani ma’lum qilindi
O‘zbekistonda o‘rtacha oylik maosh 6,8 mln so‘mdan oshdi. Milliy Statistika qo‘mitasi O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik ish haqilari bo‘yicha ma’lumot berdi.
2026-yilning yanvar-mart (I chorak) yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi va uning hududlar hamda sohalar kesimidagi holati taqdim etilgan. 2026 yilning birinchi choragida respublika bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi 6 825,9 ming so‘mni (taxminan 6,8 mln so‘m) tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan 17,4 % ga o‘sgan.
Toshkent shahrida respublika bo‘yicha eng baland maosh miqdori qayd etilgan bo‘lib, o‘rtacha 11 mln 684 ming so‘mni tashkil etdi. (18,8 foiz o‘sish).
Bu iqtisodiyotning yirik tarmoqlari, moliyaviy xizmatlar va axborot texnologiyalari markazlari Toshkentda joylashganligi bilan izohlanadi.
Ikkinchi o‘rinda Navoiy viloyati turadi, bu yerda o‘rtacha ish haqi 8 mln 453 ming so‘mga teng. Bu hududdagi yirik tog‘-kon sanoati va metallurgiya korxonalarining ta’siri katta.
Kuchli uchlikni Toshkent viloyati yakunlaydi, bu yerda o‘rtacha ko‘rsatkich 6 mln 169 ming so‘mni tashkil etgan.
Shu bilan birga, o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi Sirdaryo viloyatida 5 369,9 ming so‘mni (114,9 %), Xorazm viloyatida 5 302,4 ming so‘mni (114,9 %), Andijon viloyatida 5 580,9 ming so‘mni (114,4 %), Qashqadaryo viloyatida 4 665,2 ming so‘mni (114,3 %), Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 318,8 ming so‘mni (114,0 %), Toshkent viloyatida 6 169,6 ming so‘mni (113,9 %) hamda Surxondaryo viloyatida 4 724,2 ming so‘mni (112,1 %) tashkil etib, boshqa hududlarga nisbatan o‘sish sur’ati pastroq ekanligi kuzatildi.
O‘rtacha oylik nominal ish haqi iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tahlil qilinganda, eng yuqori o‘sish sur’atlari tashish va saqlash sohasida qayd etildi. Xususan, mazkur sohada 2025 yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 22,5 % ni tashkil etib, ish haqi miqdori 10 709,3 ming so‘mga yetgani kuzatildi.
Shuningdek, bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyati yo‘nalishida ham sezilarli o‘sish qayd etilib, ish haqi miqdori 18 595,8 ming so‘mni tashkil etdi (o‘sish – 18,2 %). Sanoat sohasida o‘rtacha ish haqi 8 025,6 ming so‘mni tashkil etib, 16,1 % ga, ta’lim sohasida esa 4 615,9 ming so‘mga yetdi (14,2 % o‘sish). Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishida o‘rtacha ish haqi 4 111,6 ming so‘mni tashkil etib, 13,0 % ga oshgani qayd etildi.
Shu bilan birga, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 5 331,9 ming so‘m bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,2 % ga oshdi. Axborot va aloqa sohasida bu ko‘rsatkich 16 525,4 ming so‘mni tashkil etib, 11,0 % ga, savdo sohasida 7 213,4 ming so‘mni tashkil etib, 10,4 % ga, san’at, ko‘ngil ochish va dam olish yo‘nalishida 5 357,7 ming so‘mni tashkil etib, 10,0 % ga oshdi. Qurilish sohasida esa o‘rtacha oylik ish haqi 6 496,1 ming so‘mga yetdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter