«Boqiy shahar»da YuNESKO tadbiri doirasida 600 ga yaqin ko‘chat o‘tqazildi
31 oktyabr kuni Samarqanddagi "Boqiy shahar" majmuasi hududida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida daraxt ekish tadbiri o‘tkazildi.
Unda Buyuk Britaniyaning YuNESKOdagi elchisi va doimiy vakili, Buyuk Britaniya delegatsiyasi rahbari Anna Nsubuga, Burkina-Fasoning YuNESKOdagi doimiy vakili Flaviyen Imah Uilyam Neziyen, O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikromov, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov, Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev, xalqaro delegatsiyalar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir davomida belgilangan 1,2 gektar hududga qayrag‘och, katalpa, yapon saforasi, eman, sharqiy chinor, ot kashtani, lola daraxti, forzitsiya, lavanda, tuya, shuningdek, akatsiya, tol, xurmo, olma va boshqa jami 564 tup daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazildi.

Ma’lumot uchun, Samarqandda YuNESKO tashkilotining 80 yilligi munosabati bilan yashil bog‘ barpo etilmoqda. Bu bog‘ jami 9 qismdan iborat bo‘lib, Sohibqiron Amir Temurning bizgacha yetib kelgan 9 bog‘i xususiyatlarini o‘zida aks ettiradi. Bog‘ga 80 000 ta daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi, tomchilatib sug‘orish, energiya tejovchi quyosh panellari va nasoslar, yomg‘ir suvini yig‘ib, qayta foydalanish tizimlari, chiqindilarni kompost qilish va tuproqni boyitish kabi ekologik standartlar joriy etiladi.



Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter