Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buzilgan uylar uchun kompensatsiya to‘lashning 4 xil shakli belgilanmoqda

Buzilgan uylar uchun kompensatsiya to‘lashning 4 xil shakli belgilanmoqda

Foto: Xabar.uz

Bugun, 7-aprel kuni bo‘lib o‘tayotgan Senatning 14-yalpi majlisida «Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Qonunga ko‘ra, seysmik jihatdan xavfli va jismonan eskirgan uy-joylar o‘rnida zamonaviy binolar barpo etiladi. Shu bilan birga, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va shahar muhitini yangilash asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Renovatsiya jarayonlarining ochiqligi ta’minlanadi. Barcha dasturlar maxsus elektron platformaga joylashtirilib, ommaviy axborot vositalari hamda vakolatli organlar orqali e’lon qilib boriladi.

Qonunga muvofiq, mulkdorlarga kompensatsiya berishning to‘rt xil shakli joriy etilmoqda. Ular qatoriga yangi yoki boshqa hududda uy-joy berish, pul to‘lash yoki kelishuv asosida boshqa shakllar kiritilgan. Kompensatsiya turi mulkdor va renovatsiya direksiyasi o‘rtasidagi kelishuv asosida ixtiyoriy tanlanadi.

Shuningdek, mulkdorlarga yetkazilgan noqulayliklar uchun kompensatsiya miqdorining 12 foizi hajmida bir martalik pul to‘lovi ham berilishi belgilanmoqda.

Qonunning yana bir muhim jihati shundaki, mulkdorlar huquqlarining ustuvorligi prinsipidir. Barcha bahs va noaniqliklar mulkdor foydasiga hal etilishi kafolatlanmoqda.

Shu bilan birga, ko‘chirish jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga alohida e’tibor qaratiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay muhitga ega uy-joylar taqdim etilishi nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yetkazilgan zarar uchun to‘lanadigan kompensatsiyalarni soliqqa tortmaslik taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring