Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davlat tashkilotining «17 milliardli xaridi» yuzasidan tushuntirish berildi

Davlat tashkilotining «17 milliardli xaridi» yuzasidan tushuntirish berildi

Bir muddat oldin Soliq qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlardan biri «Yangi texnologiyalar ilmiy axborot markazi» AJning tender orqali 17 milliard so‘mga elektron tarjimon sotib olayotganiga doir xabarlar tarqalgan edi.

Qo‘mita mazkur xabarlarga rasmiy munosabat bildirib, davlat xaridlari tizimidagi 17 mlrd so‘mlik «elektron tarjimon» texnik xato natijasi ekanini bildirdi.

Qayd etilishicha, gap tarjimon sotib olish haqida emas, balki imlo tekshirish va matnlarni turli alifbolarga o‘girish imkonini beruvchi sun’iy intellektga asoslangan maxsus modulni joriy etish va unga texnik xizmat ko‘rsatish haqida bormoqda. Ushbu texnologiya soliq xizmati elektron hujjat aylanishi tizimiga integratsiya qilingan.

Xizmat narxi bir tranzaksiya uchun 17 so‘mni tashkil etadi. Davlat xaridlari tizimiga ma’lumot kiritishda texnik xatoga yo‘l qo‘yilgan: 100 million tranzaksiya o‘rniga xatolik sabab 1 milliard tranzaksiya ko‘rsatilgan. Natijada, umumiy summa 1,7 mlrd so‘m o‘rniga 17 mlrd so‘m tarzida aks etgan.

Mazkur xato g‘aznachilik nazorati bosqichida avtomatik tarzda aniqlanib, tizim tomonidan bloklangan. Shu sababli ushbu operatsiya tasdiqlash jarayonidan o‘tmagan va savdolarga qo‘yilmagan.

Hozirda mazkur lot birja savdolaridan olib tashlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring