Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hayot manzaralari

Hayot manzaralari

foto:https://wallpaperscraft.ru/

Begona

Poytaxtdan mehmon bo‘lib kelgan yaqin tanishlarni kuzatish uchun avtoshohbekatga chiqdim. Xayrlashuv oldi ham do‘stlar bilan suhbatni tugatgimiz yo‘q. «Buxoro – Toshkent» yo‘lovchi tashish avtobusi jo‘nab ketishiga hali yarim soatcha vaqt bor. Sal nariroqdagi do‘konda qahva sotilayotgan ekan. Qahva xarid qilish uchun do‘kon oldiga keldim. Sotuvchi do‘kon eshigi oldida tushkun kayfiyatda turgan yoshi kattaroq yigitni ovutyapti.  Yigit ham gap-so‘ziga qaraganda, buxorolik emas. «Ha-a, ukajon, zerikmang, bir-ikki soatcha ishlasam, sizga yo‘lkiraga yordamlashaman. Endi har qanday vaziyat bo‘ladi-da, odamda. Mening ham uch nafar farzandim bor. Ikki nafari musofir yurtda o‘qiydi. Vaziyatingizni tushunaman», – derdi samimiyat bilan.

Anglashimcha, do‘kon oldida iymanib turgan yigitning o‘z viloyatiga jo‘nab ketishi uchun puli yetmayapti.

Biror yordam kerak bo‘lsa, mengayam ayting, qarashaman, – dedim tushkun kayfiyatdagi o‘zimga begona va notanish bo‘lgan yigitga.

Yelkasiga katta sumka ilib olgan notanishning qo‘llari qaltirab, cho‘ntagidan sigareta olib tutatdi. Gapirishga botina olmadi, shekilli, bir parcha qog‘ozni sekin ko‘rsatdi. Bugun jazo muddatini o‘tab,  «u yoq»dan chiqqan ekan.

– Bir og‘iz so‘zingiz uchun ham rahmat, ammo, ayol kishidan...– deya o‘smoqchiladi yigit.

– Qo‘ysangiz-chi, ayolmi-erkakmi, odamiylik, degan gap bor! – dedim-da, cho‘ntagimdan baholiqudrat pul chiqarib, uzatdim.

Haligi yigit manziliga yetib borishi bilan pulni qaytarishi uchun mendan telefon raqamimni so‘radi. Men rad etdim va «odam odam bilan uchrashadi-ku!» – deb qo‘ydim kulimsirab. Shosha–pisha yigit sigaretasining qutisiga menga o‘z manzilini yozib bermoqchi bo‘ldi.

– Qashqadaryodanman, opa! Yo‘lingiz tushsa, albatta, shu manzilga boring!–iltifot ko‘rsatishga urindi notanish yigit.

 – Joningiz sog‘ bo‘lsin. Mehmonlarim bor edi, – deya hozirgina do‘kondan sotib olgan qo‘limdagi qahvalarga qaradim va ular bilan xayrlashgan bo‘ldim.

Sotuvchi ham o‘z zimmasiga olgan «yuk»ining ancha yengillashganidanmi, «Baraka toping, singlim. Bir musofirga yaxshilik qilibmiz-da!» – deb qoldi ortimdan.

Meni kuzatib turgan sheriklarim: «Begona odamga nega pul berding?» –deyishdi. Hatto, meni ahmoqqa chiqarib, «chuvv» tushganimni ham eslatib qo‘yishdi. Men esa o‘zim ko‘z o‘ngimda ko‘rgan manzaram hech qachon aldamasligini aytdim.  

Laqab

Kasb taqozosi bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan biriga bordik. Ertalabki darsga qo‘ng‘iroq chalingan, o‘quvchi va o‘qituvchilar sinflarga kirib ketishgan ekan. Aksiga olib, maktab direktori ham yo‘q. Shu topda yonimizdan bir o‘quvchi salomlashib o‘tib ketdi.

– Hozir birinchi soat darslarimi?

– Ha.

– Qaysi dars bo‘lishi kerak?

– Matematika!

– O‘qituvching kim?

– Novcha malim...

– Tushunmadim...

– He–ye, oti esimdan chiqdi-da, novcha malimni! – deya o‘quvchi tashqariga qarab, yugurib ketdi.

Biz anqaydik.

Sal o‘tmay, maktab stadionidan bir nechta o‘quvchilar g‘ala-g‘ovur solib kelishdi. Ularning nega darsga kirishmagani bilan qiziqdik.

– Biz musobaqaga tayyorlanyapmiz. Chupra malim ruxsat olganlar...

– «Chupra malim»ing kim?

– Fizkultura o‘qituvchimiz – Ne’mat Fayzullayevich!

– Mana, tuppa-tuzuk ism sharifi bor ekan-ku?

– He-ye, Nikulin domlayam shunday, deydilar-ku?

– Nikulin domlang kim?

– Sinf rahbarimiz!

Biz na kulishni, na achinishni bildik. Yuqori sinflardan biriga kirsak, o‘qituvchi sababsiz darsga kelmagan. Sinf alg‘ov-dalg‘ov. Qo‘shni sinfdagilar yoki maktab direksiyasidan kimdir tinchlantirishga urinmagan ham.

– Qaysi dars bo‘lishi kerak edi. Nega o‘qituvchilaring yo‘q!

– Nega yo‘qligini bizlar qayerdan bilamiz. Psix domla o‘zi shu: xohlasa keladi, xohlamasa yo‘q.

– Iya, o‘qituvchiga ham shunaqa murojaat qilishadimi?

– Maktabimiz psixologida u. Biologiyadan ham dars beradi.

Yoshlarning yutug‘idan ko‘ra, nuqsonli tomonlari oshib borayotganidan ko‘nglimiz bir qadar og‘rindi. O‘qituvchiyu domlalarning ijobiymas, salbiy tomonlarini izlab, laqab qo‘yib olishgani ularning bevosita talabalik davrida ham shunday davom etishiga shubha yo‘q. Hech ikkilanishlarsiz qator oliygohlarda ham shu manzaraga duch kelasiz: «Galstuk domla», «Kalta domla», «Cheburashka domla»... xullas, qaysidir o‘qituvchi o‘ziga o‘quvchi yoki talabalari tomonidan qo‘yilgan bunday laqablarni eshitib qolishsa, o‘sha bola domlaning «qora ro‘yxati»ga tushib qoldi, hisob.

Demak, o‘qituvchilar har gal darsga kirganida o‘zini, ya’ni ism sharifini lozim bo‘lsa, to‘liq tanishtirishi, o‘quvchiyu talabalarning qulog‘iga «quyishi» kerak. Yo‘qsa, o‘qituvchi o‘z xislatiga ega turli maza-matrasiz laqablar bilan atalaveradi.

«Erkakcha gap»

Ikki o‘g‘li bor qo‘shnimiz bolalarini uylantirgach, «dom»da qisilib qoldi, shekilli, 4 xonali uyini sotdi. Qo‘lida kattagina pul. Kelishib qolgan hovlisini sotib olish uchun ketayotganda, o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan boy og‘aynisi qarshisidan chiqdi.

– Erkakcha gap, aka! Va’da–va’da! Oyog‘im ostida shuncha mashinam bor, uy-joyu yashash sharoitimni bilasiz. Ikki haftadayoq, qaytaraman! Pul zarur bo‘lib turibdi-da!

Qo‘shnim boy tanishining gaplariga ishondi. Sotib olishi kerak bo‘lgan hovlisining egasi bilan gaplashib, pulni roppa-rosa ikki haftadan so‘ng yetkazishi sharti bilan ko‘chib o‘tishdi. Hovli egasi ham odamiyligi bor ekan, bunga rozi bo‘ldi. Hatto, u boy tanishining «istasangiz, notarius qilib, hujjatlashtiramiz», – degan gapini ham rad etib, unga ishondi.

Oradan ikki hafta emas, ikki oy, ikki oy emas, yarim yildan ortiq vaqt o‘tdi. Hovli egasi ham qo‘shnimizga «Uyni bo‘shat»lab turibdi. Oxiyri, qo‘shnimiz boy tanishining darvozasini qoqib bordi. Darvozadan uning ayoli chiqib, juda ko‘p bor erining uyda yo‘qligini aytgan. Qatnayverib, tinkasi qurigan qo‘shnimiz tanishining darvozasi oldida «yotib» olgan. Kun sovug‘ida shu yaqin atrofdagi pana joyda boy tanishini kutib turgan qo‘shnimiz shu onda uning darvozadan ichkariga kirib ketganiga ko‘zi tushgan. Ortidan yugurib kelib, yana uning darvozasini qoqqan. Darvozadan yana ayoli chiqib, erining uyda emasligini vaj qilgan.

– Och, darvozangni, ichkariga kiraman, – deya jazavaga tushgan qo‘shnimiz.

– Xo‘jayinimning fe’llari yomon. Noto‘g‘ri tushunib, rashk qiladilar,–o‘smoqchilagan ayol.

– G‘ururi bor erkak, avvalo, begona erkakka ayolini ro‘para qilmaydi!

Qo‘shnimiz uning darvozasini baqir-chaqir qilib, tepib hovlisiga kirganida, boy tanishi ichkaridan chiqib: «Sen menga tuhmat qilayapsan!»–deya ustidan huquq organlariga arz qilgan.

...Sud zalida esa boyning ayoli nokas erining nohaqligiga chiday olmay, uning o‘rnida «erkakcha gap»ga kafolat bo‘ldi-da, mol-mulkini sotib, qo‘shnimizni sarsonlikdan qutqardi...

«Sanashni istamayman... »

Har kuni ishdan horib-charchab qaytamiz. Kechki ovqatni qilar-qilmas yana kompyuter,  noutbuk yoki qo‘l telefonimizga mukka tushamiz. Ish, ish, ish... Harqalay, o‘zimiz uchun, bolalarimiz, uy-ro‘zg‘orni yuritishimiz uchun qo‘shimcha mablag‘ topishga urinamiz.

Ishimiz shu qadar ko‘payib ketganki, gohida ovqatlanish vaqtini ham qizg‘anib, nim tayyor mahsulotlar xarid qilib qo‘ya qolamiz. Aslida, dasturxon boshi oila-a’zolarini bir-biriga yanada mehr rishtasini bog‘laydigan fursat bo‘lishi kerak.

Dam olish kunlaridan biri edi. Tongda uyqudan ko‘z ochib, yonimga kelgan nevaram meni yana kompyuter qarshisida ko‘rdi. «Kelaqol», – deb opichlab oldim, bag‘rimga bosdim. Ozgina suhbatlashgan bo‘ldim.

– Sanashni bilasanmi? – so‘radim.

–  Ha. O‘rgatgansiz-ku!

– Unda sanay qol!

 Yo‘q, sanashni istamayman...

– Iya, nega? – hayron qoldim.

– Men har kuni bog‘chadan kelib, men bilan o‘ynashingizni istab, dam olish kunlari kelishini kutib, sanayman... Siz yana ishlayapsiz...

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring