Muhim: endi chiqindi to‘lovlari faqat ko‘rsatilgan xizmat uchun amalga oshiriladi
2026-yil 1-yanvardan boshlab qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun haq to‘lashning yangi tartibi joriy etildi.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining ma’lum qilishicha, mazkur tartibga ko‘ra, endilikda sanitar tozalash sohasida iste’molchilardan faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov hisoblanadi.
Iste’molchilar (jismoniy va yuridik shaxslar) tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun onlayn to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi.
Onlayn to‘lov tartibi quyidagi afzalliklar bilan muhim sanaladi:
- istalgan joyda va vaqtda amalga oshirish mumkin;
- bankka borish va navbatda turish shart emasligi bilan vaqtni tejaydi;
- hisobni oson tekshirish va nazorat qilish mumkin;
- to‘lov cheklarini onlayn yuklab olish mumkin;
- xizmat ko‘rsatish jarayonida shaffoflikni ta’minlash barobarida xizmat uchun noqonuniy to‘lov undirish, undirilgan mablag‘larni kirim qilmasdan o‘zlashtirish holatlarini bartaraf etish orqali sohada yashirin iqtisodiyot hamda korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlardan tushgan mablag‘lar bevosita Agentlikning maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi.
Jamlangan mablag‘lar hisobidan haq to‘lash belgilangan sub’yektlar (sanitar tozalash korxonalari, poligonlar, chiqindi yoqish zavodlari, ekosanoat hududlari va boshqalar)ga alohida tartibga muvofiq hisobga olishning yagona tizimi orqali:
- sanitar tozalash korxonalariga qattiq maishiy chiqindilarni poligoniga yoki chiqindilarni qayta yuklash punktlariga topshirgani uchun (alohida tartib asosida tonna/kilometr hisobida);
- chiqindi poligonlariga/chiqindilarni qayta yuklash punktiga/chiqindilarni yoqish zavodiga chiqindilarni qabul qilgani va utilizatsiya qilgani uchun (tonna hisobida);
- ekosanoat zonalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subektlariga (har bir tonnasi uchun) belgilangan tartibda to‘lab beriladi.
Natijada mablag‘larning maqsadli sarflanishi, tizimda moliyaviy intizom va nazoratning kuchaytirilishi ta’minlanadi. Qolaversa, har oy yakuni bilan xizmat ko‘rsatuvchi sanitar tozalash korxonalari faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari baholab boriladi.
Baholash natijasida sanitar tozalash korxonalari «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratiladi. Mazkur toifalar sanitar tozalash korxonalari uchun haq to‘lashda inobatga olinadi. Ya’ni samaradorlik ko‘rsatkichi yuqori baholangan «yashil» toifadagi sanitar tozalash korxonalariga «qizil», «sariq» toifadagilarga nisbatan ko‘proq haq to‘lanadi. Bu tartib sanitar tozalash korxonalarining KPI ko‘rsatkichlari asosida aniqlanadi.
Ta’kidlanishicha, mazkur tartib sanitar tozalash sohasida ko‘rsatilgan xizmatga yarasha munosib haq to‘lanishi va xizmatlar sifatining oshirilishi barobarida aholi roziligiga erishishga hamda sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Manba: gov.uz


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter