Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda chiqindidan qarzi bo‘lgan 6 ming iste’molchiga vaqtincha cheklov qo‘llandi

Toshkentda chiqindidan qarzi bo‘lgan 6 ming iste’molchiga vaqtincha cheklov qo‘llandi

Joriy yilning 5-noyabr kuni Toshkent shahri bo‘yicha chiqindi xizmatlaridan yuzaga kelgan qariyb 2 mlrd 239 mln so‘m debitor qarzdorlik uchun jami 25 ming 121 ta abonent «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning «2100» qisqa raqamidan SMS-xabarnoma orqali ogohlantirildi. Ushbu ogohlantirish yuborilganidan keyin 5 (besh) kun ichida qarzdorlikni bartaraf etmagan 6 mingta abonentning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyatiga vaqtincha cheklov joriy etildi.

Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ayni paytda Toshkent shahri kesimida chiqindi xizmatlaridan jami 582 mln so‘mdan ortiq debitor qarzdorlik mavjud bo‘lib, mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilanoq darhol yechiladi.

Ma’lumot uchun, ushbu tartib 2025-yil 30-iyungacha bo‘lgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. 2025 yilning 1 iyulidan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 5 noyabridan boshlab qo‘llanilmoqda.

Shu bilan birga, mazkur tartib joriy yilning dekabr oyidan boshlab respublikaning qolgan hududlarida ham joriy etiladi.

Abonentlardan chiqindilarni boshqarish sohasi va xizmat sifatiga doir taklif va shikoyatlar yuzaga kelganda Agentlikning «1205» qisqa raqamiga murojaat qilishlari so‘ralmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 7-martdagi 1044-sonli qonunga asosan chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari bo‘yicha to‘lov intizomini kuchaytirish maqsadida yangi tartib joriy etilgan. Unga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining «Toza makon» billing elektron tizimidan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning billing tizimiga uzatilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring