Namanganda yarim milliard so‘mlik kafolatlanmagan dorilar savdoga chiqishi to‘xtatildi
Namangan viloyatida 502,7 mln so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini muomalaga kiritilishining oldi olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Mingbuloq tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda «M.Sh.» MChJ rahbari A.A. (muqaddam sudlangan) va boshqalar Namangan shahridagi «Boburshoh» MFY va Davlatobod tumanidagi «Porloq» MFY hududlaridagi omborxonalarida davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan umumiy bahosi 502,7 mln so‘mlik 485 turdagi 32 626 quti dori vositalari va tibbiy buyumlarni kelgusida sotish maqsadida saqlab kelayotganliklari aniqlangan. So‘ngra ushbu dori vositalari va tibbiy buyumlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter