Noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan yordam beriladi
Prezidentning 2026-yil 28-oktyabrdagi «Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor tamoyillariga o‘tish jarayonida aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–236-son farmoni qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 yilgi isitish mavsumida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ayrim oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam beriladi.
Xususan, ushbu mablag‘lar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga ajratiladi.
Shuningdek, «mahalla yettiligi» xulosasi asosida reyestrga kiritilmagan, biroq ijtimoiy-iqtisodiy holati bo‘yicha belgilangan mezonlarga mos keladigan oilalar ham yordam olishi mumkin.
Bunda oila a’zolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan oshmasligi lozim.
Markazlashtirilgan isitish tizimiga ulangan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar uchun alohida mezonlar belgilangan. Unga ko‘ra, har bir oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda minimal iste’mol xarajatlarining ikki baravaridan, Toshkent shahrida esa uch baravaridan oshmasligi kerak.
Bundan tashqari, tuman va shahar shtablari qaroriga asosan, daromadi belgilangan mezonlardan yuqori bo‘lsa-da, ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilgan ayrim oilalarga ham moddiy yordam ajratilishi mumkin.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi fuqarolar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar reyestriga kiritilgan fuqarolar hamda yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar yashayotgan oilalar ham ushbu yordamdan foydalanadi.
Bir martalik 1 million so‘mlik moddiy yordam 2026-yil noyabr oyida ajratilishi belgilangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter