Oktyabr oyida tuxum va go‘sht qimmatladi, shakarning narxi tushdi
2026-yilning oktyabr oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,6 foizga oshgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Yillik inflyasiya darajasi 6,5 foizni tashkil etib, 2025-yilning oktyabr oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 1,3 foiz punktga pasaygan.
Oktyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 1 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,2 foizga, aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar 0,6 foizga qimmatlashgan. Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan tuxum — 5,2 foizga, qo‘y go‘shti — 1,4 foizga, suyakli mol go‘shti — 1,2 foizga, qiyma — 1,1 foizga, sut o‘rtacha — 1 foizga, oliy navli bug‘doy unidan non — 0,7 foizga qimmatlashgan. Shakar narxi esa 2,2 foizga arzonlashgan.
Meva-sabzavot mahsulotlaridan baqlajon va bodring — 9 foizga, pomidor — 8,8 foizga, bulg‘or qalampiri — 8,7 foizga, kartoshka — 5,3 foizga qimmatlashgan.
Shu bilan birga, limon — 15 foizga, uzum — 7,5 foizga, olma — 3 foizga, banan — 1,3 foizga arzonlashgan.
Oktyabr oyida benzin narxi o‘rtacha 1 foizga, propan — 0,4 foizga qimmatlashgan. Metan narxida o‘zgarish kuzatilmagan.
Shuningdek, sovuq suv va kanalizatsiya xizmatlari — 4,7 foizga, taksi xizmatlari — 1,3 foizga, repetitorlik xizmatlari — 1,6 foizga, chet tillarini o‘rgatish kurslari — 0,8 foizga qimmatlashgan.
Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalaridan 3 mlndan ortiq narxlar qayd etilgan. 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 98 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter