Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston BMT UNFCCC tomonidan e’tirof etildi

O‘zbekiston BMT UNFCCC tomonidan e’tirof etildi

Foto: Gov.uz

BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (UNFCCC) Ijrochi kotibi Saymon Stil O‘zbekiston Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga yangilangan Milliy miqyosda belgilangan hissalarni (ONUV 3.0) taqdim etgani uchun minnatdorlik maktubi yo‘lladi.

​Ma’lumot uchun, O‘zbekiston iqlim bo‘yicha Parij kelishuvi doirasida Uchinchi Milliy darajada belgilangan hissa (ONUV 3.0)ni ishlab chiqib, 2025-yil noyabr oyida COP30 — BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi tomonlarining 30-konferensiyasida (Braziliyaning Belen shahrida) rasman taqdim etgan edi.

​Milliy sharoit va imkoniyatlardan kelib chiqib, mamlakat 2035-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari tashlamalarini 2010-yil darajasiga nisbatan 50 foizga kamaytirish majburiyatini oldi.

​Murojaatda ONUV 3.0 mamlakatning iqlim bo‘yicha ambitsiyalari oshganini aks ettirishi ta’kidlangan. Shuningdek, keng tarmoqlar qamrovi, 2055-yilga borib uglerod neytralligiga erishishga yo‘naltirilgani hamda Global yakuniy baholash natijalari inobatga olingani qayd etilgan. COP30 Belen qarorlari esa tashlamalarni kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha global sa’y-harakatlarni kuchaytirishi alohida ta’kidlangan.

​Saymon Stil UNFCCC Kotibiyati O‘zbekiston Respublikasiga ONUV 3.0da belgilangan maqsadlarga erishishda har tomonlama yordam ko‘rsatishni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi.

​O‘z navbatida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ham issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish, iqlimga chidamlilikni oshirish va barqaror rivojlanishga qaratilgan iqlim siyosatini amalga oshirish yo‘lida xalqaro hamkorlar bilan faol hamkorlikni davom ettirish niyatini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring