Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Viktor Orban mag‘lub bo‘ldi — Vengriyada «siyosiy inqilob»

Viktor Orban mag‘lub bo‘ldi — Vengriyada «siyosiy inqilob»

Peter Madyar va Viktor Orban.

Foto: ThePage

Kecha, 12-aprel sanasida Vengriyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida tarixiy natija qayd etildi: Peter Madyar boshchiligidagi muxolifatdagi «Tisa» (Tisza) partiyasi g‘alaba qozondi va Viktor Orbanning 16 yillik boshqaruvi nihoyasiga yetdi.

Ushbu saylovlar nafaqat Vengriya, balki butun Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyat uchun muhim ahamiyat kasb etdi, chunki uning natijalari mamlakatning keyingi yillardagi tashqi siyosatini belgilab beradi.

Saylovning asosiy natijalari (98 foizdan ortiq ovozlar hisoblanganda):

  • «Tisa» partiyasi (Peter Madyar): Taxminan 53,5 foiz ovoz bilan parlamentdagi 199 ta o‘rindan 138 tasini egalladi. Bu ko‘rsatkich muxolifatga konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish imkonini beruvchi «super-ko‘pchilik» (uchdan ikki qism) huquqini beradi.
  • «Fides» partiyasi (Viktor Orban): 37,95 foiz ovoz to‘plab, 55 ta o‘ringa ega bo‘ldi va endilikda eng yirik muxolifat partiyasiga aylandi.
  • «Bizning Vatanimiz» (MHM) partiyasi: 5,8 foiz ovoz bilan 6 ta o‘rinni qo‘lga kiritdi.

E’tiborli jihati, bu galgi saylovda mamlakat tarixidagi eng yuqori ishtirok darajasi qayd etildi — 77,8 foiz.

Bosh vazir Viktor Orban mag‘lubiyatni tan oldi, u saylov natijalarini «og‘riqli, ammo aniq» deb atadi va Peter Madyarga telefon qilib, g‘alaba bilan tabrikladi.

Peter Madyar o‘z g‘alabasini «Vengriyaning ozod bo‘lishi» deb atadi va mamlakatning Yevropa Ittifoqi hamda NATO bilan munosabatlarini qayta tiklashga va’da berdi.

Saylov natijalari Yevropa Ittifoqi yetakchilarini mamnun etdi va Madyarni g‘alaba bilan tabriklashni boshlashdi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp vengriyaliklarni saylovda Viktor Orbanni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgandi.

Saylovning yakuniy va rasmiy natijalari bugun Vengriya Milliy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring