Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Trampning G‘azo bo‘yicha «tinchlik rejasi» moliyaviy yetishmovchilik sabab to‘xtab qoldi – Reuters

Trampning G‘azo bo‘yicha «tinchlik rejasi» moliyaviy yetishmovchilik sabab to‘xtab qoldi – Reuters

Фото: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp ilgari surgan G‘azoni qayta tiklash va boshqarish rejasi moliyaviy muammolar sabab to‘liq amalga oshmayapti. Bu haqda Reuters manbalariga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azoni tiklash uchun va’da qilingan 17 milliard dollar mablag‘ning juda kichik qismigina amalda ajratilgan. Manbalarning aytishicha, hozirgacha 10 ta davlatdan faqat uchtasi – Birlashgan Arab Amirliklari, Marokash va AQSh – moliyaviy hissa qo‘shgan.

Jami ajratilgan mablag‘ 1 milliard dollardan ham kam ekani qayd etilmoqda.

Bu holat AQSh qo‘llab-quvvatlayotgan «G‘azoni boshqarish milliy qo‘mitasi» (NCAG) faoliyatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu tuzilma HAMAS o‘rniga G‘azoda boshqaruvni qo‘lga olishi kerak edi.

Manbalarga ko‘ra, moliya va xavfsizlik muammolari sabab NCAG hozircha G‘azoga kirolmayapti. Qo‘mita a’zolari ayni paytda Qohirada mehmonxonada joylashtirilgan va muzokaralarni kutmoqda.

Shu bilan birga, falastinlik rasmiylardan biri AQSh vakillari HAMAS va boshqa guruhlarga «hozircha mablag‘ mavjud emas»ligini ma’lum qilganini iddao qiladi.

HAMAS esa bir necha bor hokimiyatni ushbu qo‘mitaga topshirishga tayyorligini bildirgan, ammo Isroil qo‘shinlarining chiqib ketishi va o‘q otish to‘xtatilishi bo‘yicha kafolatlar talab qilmoqda.

AQSh rejasiga ko‘ra, G‘azo HAMAS qurolsizlantirilgandan keyin qayta qurilishi va Isroil qo‘shinlari chiqib ketishi kerak edi. Biroq bu jarayon hozircha muzokaralarda to‘xtab qolgan.

Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, ikki yillik urushdan keyin G‘azoni tiklash uchun taxminan 70 milliard dollar talab etiladi. Bu vaqt mobaynida hududdagi binolarning qariyb 80 foizi vayron bo‘lgan.

Ayni paytda, Eron bilan bog‘liq yangi mojarolar ham vaziyatni yanada murakkablashtirgani ta’kidlanmoqda.

AQSh tomonidan tashkil etilgan «Tinchlik kengashi» esa moliyaviy muammolar mavjudligini rad etgan va barcha so‘rovlar o‘z vaqtida qondirilayotganini bildirgan.

Shu bilan birga, qurolsizlantirish bo‘yicha muzokaralar ham hozircha natijasiz qolmoqda. Isroil HAMAS to‘liq qurol tashlamaguncha qo‘shinlarni chiqarmasligini aytgan bo‘lsa, HAMAS esa bunga qarshi pozitsiyada turibdi.

Ayrim diplomatik manbalar Isroil yaqin vaqtda G‘azoda keng ko‘lamli harbiy amaliyotni qayta boshlashi mumkinligini ham istisno qilmayapti.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS hujumida Isroilda 1200 nafarga yaqin odam halok bo‘lgan. Javob zarbalari natijasida esa G‘azoda 72 mingdan ortiq inson halok bo‘lgani ma’lum qilingan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring