O‘zbekiston Kaspiy dengizi tubidan o‘tadigan internet tarmog‘iga ulanishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston raqamli infratuzilmani rivojlantirishda navbatdagi muhim qadamga tayyorlanmoqda – mamlakat Kaspiy dengizi tubidan o‘tadigan xalqaro ma’lumot uzatish liniyasiga ulanish niyatida. Bu haqda Saudiya Arabistonining DataVolt kompaniyasi ijrochi direktori Radjit Nanda «Oʻzbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
15 oktyabr sanasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiyaning yetakchi kompaniyalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shular orasida DataVolt tomonidan Toshkentda zamonaviy data-markaz barpo etish loyihasi ham muhokama qilingan edi.
Kompaniya 12 MVt quvvatdagi birinchi data-sentrni poytaxt IT Park hududida ishga tushirmoqda. Shuningdek, Yangi Toshkent va Buxoro shahrida umumiy 210 MVt quvvatga ega ulkan data-markazlar qurilishi rejalashtirilgan. Bu markazlar – sun’iy intellekt, «yashil energetika» va yuqori xavfsizlik texnologiyalari asosida quriladi.
Prezident Mirziyoyev ushbu loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidlab, DataVolt bilan hamkorlikni O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega, deb baholadi.
Radjit Nandaning ta’kidlashicha, bugungi kunga qadar O‘zbekistondan chiqadigan asosiy internet yo‘nalishlari Yevropa orqali o‘tadi. Bu esa ma’lum darajada xavfsizlik va tezlik bo‘yicha cheklovlar keltirib chiqaradi.
Shu bois O‘zbekiston Qozog‘iston – Ozarbayjon davlatlari orasida Kaspiy dengizi tubiga yotqizilayotgan optik liniyaga qo‘shilishni rejalashtirmoqda. Bu yo‘nalish mamlakat ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashi, internet sifatini oshirishi va milliardlab dollarlik iqtisodiy imkoniyatlar ochib berishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Kaspiy ostidagi yangi internet yo‘li, Yangi Toshkent va Buxoroda qurilayotgan zamonaviy data-markazlar, Amazon va Oracle kabi global kompaniyalarni jalb etish – bularning barchasi O‘zbekistonning raqamli geosiyosatdagi o‘rni tez sur’atlarda oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Bu harakatlar nafaqat internet sifatini yaxshilaydi, balki mamlakatni Markaziy Osiyodagi IT-xabga aylantirish uchun mustahkam zamin ham yaratadi.
Ma’lumot uchun, DataVolt 2024 yil may oyida O‘zbekistonda birinchi 10 MVt data-sentr qurilishini boshlagan. Kompaniya 2030 yilga qadar mamlakatga $5 milliardgacha investitsiya kiritishni rejalashtirgan. Mirziyoyev 2024 yil Toshkent xalqaro investitsiya forumida DataVolt bilan birgalikda «yashil data-markaz» barpo etilishini e’lon qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter