Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda poyezd va avtobus chiptalariga 20 foiz chegirma berilishi mumkin

O‘zbekistonda poyezd va avtobus chiptalariga 20 foiz chegirma berilishi mumkin

O‘zbekistonda shahar atrofi poyezdlari, shahar atrofi va shaharlararo avtobuslarda elektron chipta xarid qilgan yo‘lovchilarga kamida 20 foiz chegirma berish rejalashtirilmoqda.

Bu haqda Prezidentning mahalliy yo‘lovchi tashish tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori loyihasida so‘z boradi.

Hujjatga ko‘ra, chegirmalarni 2027-yil 1-yanvardan 2029-yil 31-dekabrga qadar qo‘llash taklif etilgan.

Mazkur imtiyoz elektron to‘lov va chipta tizimlaridan foydalanishni rag‘batlantirish, yo‘lovchi tashish hisobini shaffoflashtirish hamda yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga qaratilgan.

Shuningdek, 2030-yil 1-yanvardan shahar atrofi poyezdlari, shahar atrofi va shaharlararo avtobuslarda yo‘l haqini naqd pulda to‘lashdan to‘liq voz kechish taklif qilinmoqda. Bunda to‘lovlar faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshiriladi.

Loyihada uzoq masofaga qatnovchi poyezdlarga elektron chipta olgan yo‘lovchilar uchun ham qo‘shimcha qulaylik nazarda tutilgan. Xususan, ularga poyezd jo‘nashidan oldin va manzilga yetib kelganidan keyin 12 soat davomida tegishli hududdagi shahar atrofi poyezdlaridan bepul foydalanish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.

Mazkur tartibni 2027-yil 1-sentyabrga qadar ishlab chiqish va joriy etish taklif etilmoqda.

Qayd etish kerak, bu qoidalar hozircha Prezident qarori loyihasida aks etgan bo‘lib, yakuniy qaror qabul qilinmagan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring